Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dori vositalarini markirovkalash dorixonalarni soxta mahsulotlardan tozalaydi

Dori vositalarini markirovkalash dorixonalarni soxta mahsulotlardan tozalaydi

2022 yil 31 yanvarda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20 maydagi «Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tovar guruhini markirovkalash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan «Dori vositalari va tibbiy buyumlar» tajriba loyihasi yakuniga yetdi. Unda xorij farmatsevtika kompaniyalarining 46ta vakolatxonasi, 27ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ixtiyoriy ravishda ishtirok etdi. «NIKA PHARM» MChJ farmatsevtika kompaniyasining ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Sherzod Karabayev loyihadagi ishtiroki va markirovkalash tizimining foydali tomonlari xususida intervyu berdi.

- Dori vositalari va tibbiy buyumlarni markirovkalash nima uchun kerak?
– Eng avvalo, dorilarni soxtalashtirish va ularning kontrabandasiga qarshi kurash uchun kerak. Sir emaski, soxta mahsulot yoki foydasiz bo‘ladi, yoki mijoz salomatligiga zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun biz, iste’molchi salomatligini qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, O‘zbekiston hududida raqamli markirovkalash to‘g‘risidagi yangilikni katta quvonch bilan kutib oldik va darhol loyihada ishtirok etish istagimizni bildirdik. Markirovkadan vijdonli ishlab chiqaruvchilar manfaatdor, NIKA PHARM esa o‘z faoliyatining boshidanoq barcha ishlab chiqarish standartlariga amal qiladi. Biz yurtimiz farmatsevtika sohasida birinchi bo‘lib nemis xalqaro kompaniyasi TUV Turinger ning ISO 9001:2008 standarti versiyasi bo‘yicha sertifikatni qo‘lga kiritdik. Birinchilardan bo‘lib GMP milliy standarti bo‘yicha sertifikatsiyadan o‘tdik va ISO 9001: ISO 14001: ISO 45001: ISO 22000: sifat menejmenti tizimining yangi xalqaro talablariga javob berishimizni muntazam ravishda tasdiqlab kelmoqdamiz.

Markirovkalash zaruriyatining ikkinchi sabablaridan biri – u har bir tovar birligi yo‘lini nazorat qilish, biznes-jarayonlarni optimallashtirish va tranzaksiya xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Mijozlar esa markirovkalash tufayli asl preparatlarni xarid qilayotganlari va unda ishlab chiqaruvchi bayon etgan samara mavjudligiga ishonch hosil qilishadi.

- Ishlab chiqarish jarayoniga o‘zgarishlar kiritish, yangi dasturlar, uskunalarni tadbiq etishga to‘g‘ri kelganmi?
– Ha, biroz modernizatsiyalashga to‘g‘ri kelgan – o‘tgan yilning noyabr oyida AR-30 agregatsiyasi stansiyasi, dekabr oyining o‘rtalarida AMK 101.1 serializatsiyasini o‘rnatdik. Markirovkalangan dori vositalarining birinchi partiyasini ishlab chiqardik, bir necha preparatlarni Milliy katalog tizimida ro‘yxatdan o‘tkazdik, hozir DV maketlarini o‘zgartirish va tasdiqlash ishlari olib borilmoqda, oldinda esa maketlarni o‘zgartirish ishlari turibdi, chunki NIKA PHARM kompaniyasida DVning juda katta assortimenti mavjud.

- Loyiha tashkilotchisi – mahsulotni raqamli markirovkalash va kuzatib borish tizimi operatori «CRPT TURON» MChJdan yordam oldingizmi va u nimadan iborat bo‘ldi?
– Ha, «CRPT TURON» mutaxassislari bizni namunaviy loyihaning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatladilar. Ular bizga markirovkalashning bepul kodlarini taqdim etishdi, bitta ishlab chiqarish liniyasida mahsulotlarni raqamli markirovkalash uchun zarur uskunalar va dasturiy ta’minotni yo‘lga qo‘yishdi, shuningdek, xodimlarimizni ulardan foydalanishga o‘rgatishdi.

- NIKA PHARM mahsulotiga kodlarni qo‘yishni sinovdan o‘tkazdingizmi?
- Tajriba doirasida 40 mingga yaqin Data Matrix kodlarini oldik. Milliy katalog tizimida biz ishlab chiqaradigan preparatlarning 4ta kartochkasi to‘ldirilgan.

- Sizningcha ASL BELGISI raqamli markirovkalash tizimining afzalligi nimada?
– Tizim brendni soxtalashtirishdan himoya qilish, daromadni o‘stirish va ishni omborxona hisobi tizimi yordamida optimallashtirishga yordam beradi. Eskirgan vazifalar kamroq bo‘ladi, biroq logistika samaradorligi oshadi, iste’molchi esa mahsulot sifatiga ko‘proq ishona boshlaydi va bu savdo hajmining o‘sishiga yordam beradi. NIKA PHARMdagilar markirovkalash ishlab chiqaruvchilar huquqlarini himoya qilib, iste’molchini faqat sifatli tovar bilan ta’minlashga xizmat qilishiga ishonishadi.

Ma’lumot uchun: «CRPT TURON» MChJ Digital Holding qo‘shma korxonasi tarkibiga kiradi, u shuningdek, Ucell va O‘zbekistonga tegishli xolding aktivlari USM - ICS Holding Uzbekistan’ni o‘z ichiga olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring