Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dasturchilik sizning ham qo‘lingizdan keladi

Dasturchilik sizning ham qo‘lingizdan keladi

Dasturchilik, aytishniklik... Ayni kunlarda kim bilan suhbatlashmang eng dolzarb mavzu shu:

 – O‘g‘lim aytishnik bo‘lmoqchi, bu kasbga qayerda o‘qitishadi?

– Nevaramni dasturchi qilmoqchiman. Endi musiqa va san’at maktabiga emas, dasturchillikka o‘rgatadigan o‘quv markaziga qatna, deyapman. To‘g‘ri qilyapmanmi, yo‘qmi, nima deysiz?

– Dasturchi uyda o‘tirib ham pul topaverarkan. Shu rostmi?

– Faqat yuqori maoshni deb kasbni o‘zgartirgan inson keyin afsus chekib qolmaydimi?

– Dasturchi qanday fazilatlar sohibi bo‘lishi kerak?

Ana shu savollarning ba’zilariga O‘zbekistondagi yirik nufuzli autsorsing «UIC Group» kompaniyasi rahbari Murodxo‘ja Muratovdan eshitganlarimizni qisqacha bayon qilamiz.

Ha, dasturchi ko‘p pul topadi. Bu rost. Uyida o‘tirib ishlaydiganlar ham ko‘p. U qanday bo‘lishi kerak, desangiz, avvalo dasturchilikka chindan ham qiziqishi kerak. O‘qishi kerak. Kimgadir o‘rganish uchun yarim yil, kimgadir sal ko‘proq ketadi. Dastlabki ko‘nikmalarni hosil qilgan bo‘lsa, turgan gapki, kamroq vaqt ketadi. Astoydil harakat bo‘lsa bas.

Bu kasblarimizda har qanday odam ham o‘zini sinab ko‘rsa yomon bo‘lmaydi. Hammaga o‘zingizni dasturchilikda sinab ko‘ring, degan bo‘lardim. Foydasi bo‘lsa bo‘ladiki, zarari bo‘lmaydi. Xo‘sh, dasturchi qanday sifatlarni o‘zida kamol toptirishi zarur? Avvalo ingliz tilini bilsin. O‘z ustida doimiy ishlasin. Muntazam ravishda internetdagi roliklarni ko‘rib, adabiyotlarni o‘qib, o‘rganib borsin. Yangiliklarni kuzatishdan erinmasin. Ishidan nafaqat qoniqsin, huzur topsin. Bular juda muhim.

Yana bir masala borki, bunga ham to‘xtalib o‘tay, ya’ni ayti olamini mukammal egalladim deb bilim olishdan to‘xtab qolishdan, «Men yulduzman» deya «yulduzlik» kasaliga mubtalo bo‘lishdan saqlansin. Unutmasinki, «Yorib tashladim» degan ishi ham bir pasda eskiradi-qoladi. Zamon shiddati shunchalarki, har kuni ham gapmi, har daqiqa bilim eskiryapti, eng so‘nggi razrabotkalar-ishlanmalar ham eskiryapti. «Ayfon 4» taqdirini eslang. Bunga chiroyli misol bo‘la oladi! Qanchalar zo‘r edi! Eskirdi. Ha,bugun ter to‘kib ishlagan loyihamiz ertaga eskirib qolishi hech gap emas. Shu bois soha to‘xtovsiz izlanishni, o‘qishni taqozo etadi. Hadisi Sharifda ham aytilganku, «Beshikdan qabrgacha ilm izla» deb!

Yana bir masala bu dasturchilikda «Bu ishni ertaga qilaman» deyish ham ketmaydi. Chunki dasturchi biror kompaniyada ishlasa, ertasiga o‘sha ishini tugatmay, boshqa juda katta vazifa yuklansa bormi, boyagi ishi nihoyasiga yetmay qolaveradi.

Bizning jamoamizda faoliyat yuritish nihoyatda faxrli va ko‘ngilli. Negaki, barchamizning masadimiz yagona — bir oiladek ahillikda, hamfikrlikda ishlaymiz.Shu sabab har bir loyiha, har bir vazifa, muvaffaqiyatli amalga oshadi. Kengashga keng dunyo deydilarku. Birdamlik turgan-bitgani — hikmat, har qanday joyda qo‘l keladi. Kimdadir to‘xtabroq qolgan ish yurishib ketadi. Umuman olganda hamma joyda bo‘lganidek jamoa — katta kuch. Har qanday murakkab ish ham tez, o‘z muddatida ado etiladi. Jamoadagi do‘stlik, birodarlik iqlimini yaratish, dam olish ham ishi ham alohida ahamiyatga molik masala. Futbol, kibersportda «Zakovat» bellashuvlarimiz, yoqimli xordiq tufayli miyamizni egallagan keraksiz mayda axborotlardan xoli bo‘lamiz. Ruhiyatimiz ko‘tariladi. Asosiysi, jamoa jipsligi yanada mustahkamlanadi va ishga unum bag‘ishlaydi, samaradorlik oshgandan oshib boraveradi.

Shuni ham ta’kidlashim kerakki, imkon boricha ko‘proq shogird chiqarishga intilamiz. Ustoz-shogird an’anasiga qat’iy rioya etamiz. O‘zbekona qadriyatlarimizni e’zozlaymiz, har bir ishda mentalitetni hisobga olamiz. Yutuqlarimizning ildizlari ana shu milliyligimizga borib taqaladi.

Dizaynerlikning sirlariyu nozik jihatlari shunchalar bisyor ekanki, kompaniyaning tahlilchisi, jamoadagi ismi jismiga monand jasoratli 9 nafar Jasurbeklarning biri — Jasurbek Po‘latovning, IT-park Farg‘ona filiali faoliyati borasidagi filial rahbari Bahromjon Jalilovlarning chiqishi ham behad esda qolarli bo‘ldi. Sifatli loyiha qanday bo‘lishi haqida gapirgan kompaniyaning eng yosh mutaxassisi Qilichbek Qurbonovning fikr-mulohazalari, tahliliy xulosalari ham juda ta’sirchan kechdi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialida tashkil etilgan mazkur uchrashuv-muloqotda yonimda o‘tirgan 1-bosqich talaba qizlari Xushnoza Alijonova, Odina Abdusalomova, Sarvinoz Isoqjonovalarning taassurotlari olamcha edi.

Biri «Ha, men albatta dasturchi bo‘laman», dedi ishonch bilan, biri «Hammaning qo‘lidan keladi, deyishdi. Demak, mening ham qo‘limdan keladi», dedi. Biri bo‘lsa, «Hozir eshitganlarimni yodlab oldim», deya zavqu shavqini baham ko‘rdi. Darhaqiqat,talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Farangiza Kenjayevaga qaraganda ayniqsa dasturchilik tadbirkorligiga endigina kirishgan G‘ulomxon Yo‘ldoshxonov boshchiligidagi talaba yoshlarga kompaniya vakillari juda ajoyib motivatsiya berishibdi. Bir g‘ayratlariga o‘n g‘ayrat qo‘shilibdi. Talaygina qizlar esa dasturchilik mubhamu o‘ta murakkab emasligini anglashib, salohiyatlarini ishga solishga qaror qildilar.

Hademay dunyoga mashhur dasturchilar safida farg‘onalik yoshlar bo‘ladi. Mana, ko‘rasiz!

Hafiza Salyahova,
«Xabar»ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring