Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Daromadli yo‘nalishlar, BPO, xorijdan tajribali dasturchilarni olib kelish... AKT vazirligi Hay’at yig‘ilishida muhim masalalarga e’tibor qaratildi

Daromadli yo‘nalishlar, BPO, xorijdan tajribali dasturchilarni olib kelish... AKT vazirligi Hay’at yig‘ilishida muhim masalalarga e’tibor qaratildi

Foto: Xabar.uz

Joriy yilning 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriligi Hay’atining 2021-yildagi so‘nggi  kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Xo‘sh, majlisni kengaytirilgan formatda, AKT vazirligining hududlardagi tarkibiy bo‘linmalari, soha korxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkazilishini nimalar taqozo etdi?

Asosiy sabab, shu yilning 24 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazilgan edi. Bunga qadar AKT vaziri Sherzod Shermatov tizimdagi deyarli barcha korxona, tashkilot va muassasalar faoliyati bilan tanishib chiqdi. Tabiiyki, taqdimot va tanishuvlardan keyin sohani rivojlantirish, yanada yuqori bosqichga ko‘tarish uchun yangi vazifalarni belgilab olish zarurati paydo bo‘ldi.

Shu sababli ham Hay’at yig‘ilishda Davlat rahbari huzurida o‘tkazilgan taqdimot davomida berilgan topshiriqlar va soha korxonalari faoliyati bilan tanishuvlardan kelib chiqqan xulosalar asosidagi vazifalar ijrosini tashkil etish xususida so‘z bordi. 

Shu joyda «ayti» yo‘nalishda amalga oshirilgan loyihalarga oid ayrim faktlarga to‘xtalsak.

Jarayonni to‘liq tasavvur qilish uchun raqamlarni o‘zaro taqqoslaymiz:

  • 2017 yilda IT yo‘nalishida 147 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, ularning soni 2021 yilga kelib 505 taga yetdi.
  • 2017 yilda shunday kompaniyalardan 11 ta tashkil topgan bo‘lsa, joriy yilda 310 ta tashkil qilingan.
  • 2017 yilda bu yo‘nalishdagi xodimlar soni 2500 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu yo‘nalishda 8500 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.
  • Davlat budjetiga tushum 2017 yilda 18,3 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu tushum 77 mlrd. so‘mga yetgan.

IT-loyihalar amalga oshirilishi natijasida sohada eksport hajmi 50 barobarga ko‘payib, 40 million dollarga yetdi. Mana shu raqamlar bu yo‘nalishlar naqadar keng istiqbolli hamda  daromadli ekanligini ko‘rsatib turibdi. Eng muhimi, yoshlarni aytiga keng jalb qilib, qisqa kurslarda o‘qitib, ish bilan ta’minlash, mamlakat iqisodiyoti o‘sishiga sezilarli hissa qo‘shish imkoniyati katta.

– Mana shunday salmoqli natijalarga erishishda davlat tomonidan berilgan imtiyozlarning ahamiyati judayam katta, – dedi yig‘ilishda AKT vaziri, Hay’at raisi Sherzod Shermatov. – Topilgan daromadning 75 foizi AQShga ko‘rsatilgan «ayti» xizmatlari eksporti hisobiga to‘g‘ri keladi. Ammo Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning bozorlari ham turibdi. Xizmatlar eksportini shu kabi mamlakatlarga ham qaratish lozim.

Sherzod Shermatov yig‘ilishda ko‘pchilik e’tiborini BPOga, ya’ni – istalgan biznesni autsorsing qilishga qaratdi.

Aytilishcha, BPO kompaniyalarning ko‘pchiligi Toshkent shahrida joylashgan. Endigi vazifa – ana shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatadigan kompaniyalarni yoshlar ko‘p bo‘lgan hududlarga ham olib kirib, u yerda yoshlarga ish o‘rinlarni yaratib berish masalasidir.

Shuningdek, xorijdan O‘zbekistonga tajribali dasturchilarni olib kelib, ularga qulay sharoitlar qilib beriladi. Bu nima beradi?

Eng avvalo, chet ellik yuqori malakali dasturchi yoshlarimizga o‘z tajribasini o‘rgatadi, oddiy qilib aytganda, ustozlik qiladi. Bu «ayti» bozorida kuchli dasturchilar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Iqtisodiy nafi mamlakatimiz uchun ham, yoshlarimiz uchun ham katta bo‘lishi aniq. Bu amaliyot yo‘lga qo‘yilsa, kelgusida O‘zbekiston «ayti» xizmatlar markaziga aylanadi.

Yig‘ilishda Elektron hukumat reytingini oshirish, raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida, «Xavfsiz shahar» tizimida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, telekommunikatsiya, pochta, mobil kompaniyalari oldiga ham bu yo‘nalishda qator vazifalar qo‘yildi.

Soha rahbari raqamli iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dolzarb masala ekanligini aytib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari, Toshkentdagi INHA va Amiti universitetlari bu borada faollik ko‘rsatishlari lozimligini alohida ta’kidladi. Xususan, ushbu oliy ta’lim muassasalari ta’lim kreditlari asosida qisqa o‘quv kurslari ochib, talabgir IT sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashga e’tibor qaratishlari yuzasidan aniq takliflar berildi. Shuningdek, «Bir million dasturchi» va boshqa shu kabi loyihalarga yoshlarni kengroq jalb qilish zarurligi qayd etildi.

Qishloq joylarigacha yuqori tezlikdagi internetni yetkazib berish yana bir muhim masalalardan biridir. Hay’at yig‘ilishida ma’lum qilinishcha, o‘tgan uch yil davomida asosan ijtimoiy-siyosiy ob’yektlarga optik tola tortilishi bo‘yicha katta ishlar qilingan. Endigi vazifa ana shu  optik tolani o‘sha joylarda yashaydigan aholiga yetkazib berishdir. Buning uchun joylardagi portlar soni kamida 1 milliontaga oshirilishi kerak. Shunda kamida bir millionta qo‘shimcha abonentga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Vazirlik Hay’at majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 iyuldagi «Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 467-qarorining ijrosini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan vazirlik Hay’atining tegishli qarori qabul qilindi.

Majlisda sifatni oshirishga, odamlarni rozi qilishga doimiy e’tiborni qaratishga urg‘u berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring