Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sukerberg AQSh Kongressidagi chiqishida O‘zbekistonni ham tilga oldi

Sukerberg AQSh Kongressidagi chiqishida O‘zbekistonni ham tilga oldi

Foto: «NV.ua»

«Facebook» asoschisi Mark Sukerberg 10-aprel kuni AQSh Kongressi a’zolari qarshisida chiqish qildi. 44 senatorning har biriga Mark bilan suhbatlashish uchun 5 daqiqadan vaqt ajratilgan, deb xabar bermoqda «Terabayt».

Mark Sukerberg «Facebook» foydalanuvchilari oldidagi aybini tan oldi va tarmoqdagi foydalanuvchilarga oid shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi uning xatosi bilan sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Murojaatda ma’lum qilinishicha, «Facebook» ixtiyorsiz ravishda 87 million nafar foydalanuvining shaxsiy ma’lumotlarini siyosiy ma’lumotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan «Cambridge Analytica» kompaniyasiga foydalanish uchun taqdim qilgan.

«Facebook» asoschisining qayd etishicha, inglizlarning xususiy kompaniyasi bo‘lgan «Cambridge Analytica» muassasasiga reklama sotishni 2015-yildayoq taqiqlashi lozim bo‘lgan edi. Biroq kompaniya «Facebook» tarmog‘idan olgan foydalanuvchilarga oid shaxsiy ma’lumotlarning yo‘q qilinganini aytganidan so‘ng Mark bu fikridan qaytgan.

Foydalanuvchilardan kechirim so‘rar ekan, Mark Sukerberg AQSh prezidenti Donald Trampning hamkori bo‘lgan «Cambridge Analytica» kompaniyasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga tegishli shaxsiy ma’lumotlardan 2016-yilgi prezidentlik saylovlarida Trampning g‘alabasi uchun foydalanilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etdi.

Sukerberg «Cambridge Analytica» «Facebook» tarmog‘ida to‘plagan ma’lumotlardan Rossiyaning «Internet Research Agency» nomli trollar jamoasi foydalangan bo‘lishi mumkinligini ham aytdi. Biroq «Cambridge Analytica» rahbari kompaniya hech qachon Rossiya va rossiyaliklar bilan ishlamaganini ma’lum qilgan.

Tegishli davlat organlarining ma’lum qilishlaricha, 2014—2015-yillarda Rossiyaning «Lukoil» kompaniyasi rahbariyati «Cambridge Analytica» rahbariyati bilan 3 marotaba uchrashgan. Bu vaqtda «Cambridge Analytica» 2016 yilgi saylovlar uchun shiorlar va chora-tadbirlar tayyorlayotgan edi.

Foto: «NV.ua»

Ushbu trollar jamoasi 2014-yilda faoliyatini boshlagan va AQSh siyosiy tizimiga, jumladan 2016 yildagi prezidentlik saylovlariga xalaqit qilishga urinishgan.

Chiqishi chog‘ida Mark Sukerberg O‘zbekistonni ham tilga olgan. Xususan, unga ko‘ra «Internet Research Agency» (IRA) 270 ta sahifa hamda bu profillar orqali aholisi rus tilida so‘zlashuvchi bir nechta mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham targ‘ibot ishlarini olib borishgan. Xususan, ular foydalanuvchilarning Trampga nisbatan xayrixohligini oshirishgan, uning raqibi bo‘lgan Hillari Klinton haqida yolg‘on xabarlar tarqatishgan.

«O‘tgan haftada biz IRA tomonidan yuritilgan 270 dan ziyod sahifa va profillar faoliyatini to‘xtatdik. Ular Rossiya va Ozarboyjon, O‘zbekiston va Ukraina kabi rusiyzabon mamlakatlardagi aholini nishonga olishgan», deydi Mark.

Mark Sukerberg bundan keyin uchinchi tomonga foydalanuvchining nomi, surati hamda elektron pochta manzilidan bo‘lak boshqa ma’lumotlar taqdim qilinmasligi, boshqa shaxsiy ma’lumotlar uchun kompaniyalar bilan qat’iy cheklovlar belgilab olingan shartnoma tuzilishini aytdi.

Shu bilan birga, «Facebook» rahbari tarmoqdan foydalanishning pullik bo‘lishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham rad etdi.

Savol-javoblar chog‘ida «Facebook» rahbari tarmoqning xavfsizlik va kontentni muvofiqlashtiruvchi jamoasini 10,000 dan 20,000 nafar xodimga oshirishini, foyda olishdan ko‘ra jamiyatni himoya qilishning muhim ekanligini aytgan.

Sukerbergning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mazkur mojaro yuzasidan ichki tergovlarni davom ettiradi.

Eng qizig‘i, foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlarining oshkor qilinishi bilan bog‘liq mojarolar kompaniya daromadiga ta’sir qilgani yo‘q. Xususan, Sukerbergning chiqishi jarayonida ham kompaniya aksiyalarining bahosi o‘sishdan to‘xtamadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring