«Biz maktabda buni o‘rgana olmaganmiz» – Samarqandda yangi imkoniyatlar ochilmoqda (video)
Samarqand mamlakatimizdagi eng ko‘p aholiga ega viloyat hisoblanadi. Viloyatda 1267 ta maktab bor, ularda 750 mingga yaqin o‘quvchi o‘qiydi. Shu maktablarning sakkiztasi AKTga ixtisoslashtirilgan.
Informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha yangi qabul qilinajak darsliklarga zamonaviy dasturlash tillari ham kiritiladi. Bu esa informatika fani o‘qituvchilarini qayta o‘qitish va malakasini oshirish zaruriyati paydo qiladi.
«Xabar.uz» bu safar Samarqandda bo‘ldi va informatika fani o‘qituvchilarini qayta o‘qitish jarayonlarini kuzatdi.
Xalq ta’lim vazirligi va «Smartgov» hamkorligida tashkil etilgan informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarini «C++» dasturlash tiliga o‘qitish kurslari Samarqandda ham qizg‘in davom etmoqda. 144 soatlik kurslarda 14 ta tuman va 2 ta shahardan jami 240 ta o‘qituvchi ushbu murakkab dasturlash tilida malakalasini oshirmoqdalar.
«Biz bu yerda olgan bilimlarimizni borib, o‘quvchilarga, maktabdagi hamkasblarimizga o‘rgatmoqchimiz. Men to‘garak ochishni ham rejalashtirganman», — deydi Toyloq tumani 3-maktab o‘qituvchisi Javohir Mahmadiyorov.
Samarqand viloyati AKT bo‘lim boshlig‘i Komil Sulaymanov viloyatda inson resursi ko‘pligi ularni zamonaviy kasblardan bo‘lgan «ayti» sohasiga o‘qitishni talab qilishini qaydi etdi.
«Viloyatimizda 744 mingdan ziyod o‘quvchi bor. Biz o‘qituvchilarimizni qayta tayyorlab, bu orqali yoshlarimizni shu sohaga qiziqtirmoqchimiz. Bu nafaqat viloyatimizning, Respublikamizning ham iqtisodiyotiga foyda olib kelmoqchimiz», — deydi u.
Viloyat «ayti»dagi salohiyatini oshirishni rejalashtirgan. Maktablardagi informatika fani o‘qituvchilarini zamonaviy dasturlash sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish, informatika bo‘yicha fan olimpiadalari, jahon olimpiadalari ishtirokchilari va g‘oliblari ulushini oshirish, yoshlarga dasturlash bilimlarini yoshligidan o‘rgatish, sifatli bilim berish shu ishlarning davomi sifatida amalga oshirilmoqda.
«Men TATU Samarqand filiali magistitura 2-bosqich talabasiman. Hozirda Samarqand shahridagi 15 ta maktab o‘qituvchilariga «C++» dasturlash tilidan o‘quv mashg‘ulotlarini olib bormoqdaman. Men bu dasturlash tilini universitetda o‘rganganman. Biz o‘qigan davrda ustozlarimiz dasturlash tillarini bilmasdi. Bugungi maktab o‘quvchilarida esa bizda yo‘q imkoniyatlar bor. Samarqand qadimda ilm-marifat markazi bo‘lgan. Biz bu nomni qaytarmoqchimiz», — deydi trener Xolbek Xoliyorov.
«Xabar.uz» Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatidagi «C++» o‘quv kurslarini kuzatgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter