Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz «Facebook»ni sindirdik»

«Biz «Facebook»ni sindirdik»

Foto: «The Forward»

«Cambridge Analytica» qanday qilib Tramp foydasiga 50 million foydalanuvchining ma’lumotlarini qo‘lga kiritdi?

Yevropa parlamenti «Facebook» asoschisi Mark Sukerbergni «Cambridge Analytica» kompaniyasi qanday qilib ijtimoiy tarmoqning 50 milliondan ortiq foydalanuvchisiga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritganligi borasida ko‘rsatma berishi uchun parlamentga chaqirdi.

«Cambridge Analytica» kompaniyasi «Facebook»ning maxfiylik siyosatini buzganlikda va AQSh prezidentligi saylovlarida Donald Tramp foydasiga amerikaliklar fikrini boshqarganlikda gumon qilinmoqda. So‘nggi kunlarda «Facebook» aksiyalarining bahosi keskin tushib ketib, uning imijiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Ushbu mojaro sabab «Facebook»ning kapitallashuvi bir hafta ichida 58 mlrd dollarga kamaydi. Kompaniyaning bir dona aksiyasi narxi AQSh fond birjasida 19-martdagi 177 dollar 1 sentdan 24-martga kelib 159 dollar 39 sentgacha arzonlashdi.

Buyuk Britaniyaning «Cambridge Analytica» kompaniyasiga 2013-yilda asos solingan. Kompaniya taqdimotida keltirilishicha, u potensial saylovchilar haqida professional ma’lumot to‘plash va internetda saylovoldi tashviqoti uchun strategik kommunikatsiyalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

«Cambridge Analytica» foydalanuvchining psixologik portretini chizadi va shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlardagi odamlarning xatti-harakatini inobatga olgan holda, maqsadli siyosiy reklamani joylashtiradi. Xorij OAVning ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya butun dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq saylov kampaniyalarida, jumladan, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan («Brexit») chiqishida ham asosiy rol o‘ynagan.

«Cambridge Analytica» o‘zining «iflos» ish usuli bilan tanilgan: kompaniya rahbari Aleksandr Niks o‘z xodimlari saylovoldi kampaniyalari vaqtida raqibning sha’niga putur yetkazuvchi video va suratlarni tarqatganini jurnalistlarga ma’lum qilgan.

 Aleksandr Niks. 
Foto: «Korrespondent»

Ayni vaqtda «Cambridge Analytica» 2016-yilda AQShda bo‘lib o‘tgan prezidentik saylovlari arafasida amerikalik saylovchilarni Donald Trampga ovoz berishga undaganlikda ayblanmoqda. Trampning «Cambridge Analytica» bilan bog‘liqligini uning saylovoldi kampaniyasi maslahatchisi Stiv Bennon firmaning sobiq vitse-prezidenti bo‘lganligi, shuningdek, respublikachi milliarder Robert Merser «Breitbart News Network» portalini va «Cambridge Analytica»ni 15 million dollarga moliyalashtirgani ko‘rsatib turibdi. Bundan tashqari kompaniya rahbari Aleksandr Niks «ko‘p marotaba» Tramp bilan shaxsan ko‘rishganini ma’lum qilgan.

«Cambridge Analytica» «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini Kembrij universitetining psixologiya sohasi bo‘yicha professor Aleksandr Kogandan sotib olgan. Kogan sakkiz yil SSSRda yashagan va AQShga ko‘chib ketgan, biroq Rossiya bilan aloqlarini saqlab qolgan: professor darajasini olgan Kogan 2014–2015-yillarda Sankt-Peterburg davlat universitetida master-klass va ma’ruza o‘qishga tashrif buyurgan. Shuningdek, u rossiyalik olimlar bilan birga «Facebook» foydalanuvchilarining ruhiy xatti-harakatlari borasida bir nechta tadqiqotlarni o‘tkazgan.

Kogan «Cambridge Analytica» bilan Sankt-Peterburgga kelishidan ancha oldin hamkorlini boshlab yuborgan. 2010 yilda professor «Facebook» platformasida «This is your digital life» («Bu sening raqamli hayoting») dasturini ishlab chiqqan. Dastur foydalanuvchilarning ma’lumotlarini to‘plash va ularning psixologik portretini chizishga mo‘ljallangan. Ushbu dastur potensial saylovchilardan o‘zlarining do‘stlari ro‘yxati va bosgan «layk»lariga oid shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish borasida ruxsat so‘ragan. Shundan keyingina foydalanuvchilar testlardan o‘tgan, Kogan esa o‘ziga kerakli psixologik ma’lumotlarni olgan. Mazkur testlardan o‘tishda foydalanuvchilarga pul to‘langan.

«Facebook» seni hayotingdagi har qanday boshqa odamdan ko‘ra yaxshi biladi.

Sankt-Peterburgdagi ma’ruzalardan birida Kogan «layk»lar orqali foydalanuvchi haqida deyarli har qanday ma’lumotni bilib olish mumkinligini aytgan: uning jinsi, etnik kelib chiqishi, IQ darajasi va o‘ziga xos jihatlari.

«Facebook» seni hayotingdagi har qanday boshqa odamdan ko‘ra yaxshi biladi. Men bir dona ham savol bermay turib, sen haqingda yuzta faktni bilib olishim mumkin

Aleksandr Kogan

«Layk»lar haqida ma’lumotlar foydalanuvchilar haqida yakuniy xulosa olishda yetarli bo‘lgan. Masalan, «Men Isroilni yomon ko‘raman» jumlalariga «layk» bosganlar «Nike» oyoq kiyimlari va «KitKat» shirinliklarini yaxshi ko‘radi. «Layklari» foydalanuvchining ota-onasi birga yashashi yoki ajrashganligi haqida ma’lumotlarni bergan. Bularning barchasiga foydalanuvchi ongiga postlar, status va suratlarni taqdim etish orqali erishilgan.

«Facebook»ning hisoblashicha, Koganning harakatlari noqonuniy: ijtimoiy tarmoq professorga ma’lumotlarni faqatgina akademik maqsadlarda to‘plashiga ruxsat bergan, ularning Britaniya kompaniyasiga sotilishi esa qonunbuzarlik hisoblanadi.

Professorning aytishicha, «Cambridge Analytica» uni foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini berishi qonuniy ekanligiga va bu «Facebook» nizomlariga zid emasligiga ishontirgan.

Endilikda Koganning fikricha, ikkala kompaniya ham barcha aybni o‘zidan soqit qilib, Koganga yuklashga urinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqdagi ma’lumotlarning taqalgani haqidagi dastlabki xabarlar «Cambridge Analytica» kompaniyasi sobiq xodimi Kristofes Uayli «The Guardian» nashriga bu haqida so‘zlab berganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, kompaniya foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan «psixologik qurol» sifatida siyosiy reklama va tashviqotlarda noqonuniy foydalangan.

Kristofes Uayli.
Foto: «Euronews»

Uayli insonning xarakteri uning siyosiy fikrlariga ta’sir ko‘rsatishini anglagan: masalan, liberal qarashlar tarafida bo‘lgan insonlar yangi g‘oyalarga moyil bo‘ladi. Millionlab foydalanuvchilarning ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan Uayli «psixologik operatsiyalar»ni o‘tkaza boshlagan. «Axborot ustunligi» deb atalgan usul orqali, ular turli mish-mishlarni, yolg‘on ma’lumotlar va soxta yangiliklarni tarqatgan. Uaylining so‘zlariga ko‘ra, «Cambridge Analytica» foydalanuvchilarning siyosiy portretini chizishda kerak bo‘ladigan barcha ma’lumotlarni to‘plashga 7 million dollar sarflagan. «Biz «Facebook»ni sindirdik», — deydi Uayli.

Natijada «Cambridge Analytica» rostdan ham foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plaganini, biroq «Facebook» siyosatini buzmaslik uchun ularni yo‘q qilganliklarini tan oldi. Biroq keyinroq ma’lum bo‘lishicha, barcha ma’lumotlar ham yo‘q qilinmagan.

OAV tomonidan o‘tkazilgan bir nechta tergov o‘rganishlaridan so‘ng, «Facebook» ijtimoiy tarmoqda «Cambridge Analytica» akkauntini blokladi va kompaniyaning siyosiy reklamalariga taqiq qo‘ydi.

«Facebook» sha’ni va aktivlarining tushib ketishiga OAVlarda tarqalgan xabarlar sabab bo‘lmoqda. Mart oyining atiga bir necha kuni ichida kompaniya salkam 60 milliard dollar yo‘qotdi. Tashkilotni informatsion xavfsizlik boshqarmasi rahbari Aleks Stamos tark etdi.

«Facebook»ka nisbatan boshlangan mojarodan so‘ng, investorlar kompaniya rahbaridan kompensatsiya talab qilgan holda sudga da’vo arizasini topshirdilar. Sukerbergga qarshi «WhatsApp» asocchisi Brayan Akton ham chiqish qilib, «Twitter»da «It’s time» («Vaqti keldi») posti ostida #deletefacebook xeshtegining («Facebook»ni o‘chirish») ommalashtirdi. «WhatsApp»ning o‘zi hozirgi kunda «Facebook»ka tegishlidir.

Mark Sukerberg bir necha kun hech nima demadi va 21-mart kuni mojaro borasida o‘z fikrlarini bildirdi. U kompaniya xatoga yo‘l qo‘lganini tan oldi. «Biz sizlarning ma’lumotlaringizni saqlashga majburmiz va biz buni uddalay olmasak, u holda sizga xizmat ko‘rsatishga loyiq emasmiz», — deya bayonot berdi Sukerberg.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring