Bilayn o‘z abonentlariga bir necha million so‘mni qaytaradi. Kompaniya ikkita sudda yutqazgan
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi «Beeline Uzbekistan» mobil kompaniyasi ustidan ikkita sudda yutib chiqdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan «UNITEL» (Beeline Uzbekistan)ga qarshi mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari hamda «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini buzganligi yuzasidan ish qo‘zg‘atildi.
2019-yilning iyul oyida «UNITEL» MChJ o‘z abonentlari uchun «Xabardor bo‘l» xizmatiga ulash (10 va 30 kun bepul) bo‘yicha reklama aksiyasini o‘tkazadi. Ushbu aksiya xizmatga ulanmagan abonentlar uchun mo‘ljallangan edi. Ammo bepul muddat tugagandan so‘ng, ushbu xizmat (aksiya shartlariga ko‘ra, u avtomatik ravishda o‘chirilmagan) uchun kuniga 240 so‘mdan undiriladi.
Ushbu aksiya doirasida 3,2 milliondan ortiq abonent xizmatga ulangan, ulardan 1,2 million nafari xizmatni mustaqil ravishda o‘chirib qo‘yishgan.
2020-yil may oyi holatiga ko‘ra, ushbu xizmat deyarli 1,3 million abonentda ulanganicha qolgan.
2020-yil 3-iyulda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining maxsus komissiyasi tomonidan «UNITEL» MChJning «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablarini buzishi fakti bo‘yicha qaror chiqargan. Unga ko‘ra, «Xabardor bo‘l» xizmatiga bepul aksiya davrida ulangan abonentlardan xizmatni o‘chirib qo‘yish hamda yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha talablar kiritilgan. Bunda har bir abonent uchun yetkazilgan zarar miqdori «Xabardor bo‘l» xizmati uchun hisobdan yechib olingan pul miqdoriga qarab belgilanadi va abonent raqami hisobiga tushirish yo‘li bilan qoplanadi.
«UNITEL» MChJ kompaniyasi o‘zining qonuniy huquqidan foydalangan holda, joriy yilning avgust oyida Shayxontohur tuman ma’muriy sudiga Agentlik tomonidan chiqarilgan qarorni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida murojaat qilgan. Sud jarayonida «UNITEL» talabi rad etiladi va Agentlikning qarori qonuniy deb topiladi. Ammo oktyabr oyida kompaniya yana apellyasiya bilan Toshkent shahar ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Biroq, bu yerda ham sudning avvalgi qarori o‘zgarishsiz qoldiriladi va «UNITEL» MChJning apellyasiyasi rad etiladi.
Shu tarzda 9 oy davom etgan jarayon iste’molchilar foydasiga hal qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunga kelib «Beeline Uzbekistan» abonentlariga yetkazilgan zarar miqdori 20 milliard so‘mdan ziyodni tashkil qilmoqda. Ushbu mablag‘larni kompaniya abonentlar raqamlariga milliy valyutada qaytarib berishni boshlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter