Barselonada 2022 yilgi Jahon Mobil Kongressiga start berildi
Jahon Mobil Kongressi (MWC 2022) – AKT sohasi vakillari, biznes hamjamiyatlari va butun dunyodagi innovatsion texnologiyalar ishtiyoqmandlari uchun o‘z eshiklarini ochayotgan yirik tadbirlardan biridir.
An’anaga ko‘ra, tadbir Fira Barselona ko‘rgazmalar majmuasida 183 dan ortiq davlatdan kelgan 1800 ta kompaniya ishtirokida o‘tkazilmoqda. Tadbir doirasidagi forum va uchrashuvlarda 1000 dan ortiq ekspert-spikerlar chiqishlar qilishadi.
Tadbirda asosan 5G texnologiyalari, Sun’iy intellekt, Bulutli texnologiyalar, Moliyaviy texnologiyalar va xizmatlar, Narsalar interneti (Internet of everything), shuningdek, vertikal sohalar uchun innovatsiyalarni qo‘llash mavzulariga e’tibor qaratilmoqda.
Huawei yirik AKT kompaniyasi sifatida Jahon Mobil Kongressining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi. 2022 yilda Huawei kompaniyasi dunyoning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun soddalashtirilgan, ekologik toza va aqlli infratuzilmani qurish uchun o‘z stendlari va forumlarida eng so‘nggi innovatsiyalarga alohida e’tibor qaratmoqda. Innovatsion texnologiyalar va yechimlar orqali Huawei operatorlarga yaxshiroq AKT infratuzilmasini yaratishda yordam berishga intilib, iste’molchilar uchun maqbul tajribani taqdim etmoqda va sanoatning raqamli transformatsiyasini tezlashtirmoqda.
27 fevral kuni MWC oldidan Huawei kompaniyasi Lighting Up the Future nomli forum o‘tkazdi va ushbu forum davomida 5G texnologiyasini qo‘llash afzalliklari, yangi biznes modellarini yaratish, 5G ning tijorat muvaffaqiyatini tezlashtirish imkoniyatlari, shuningdek raqamli va aqlli transformatsiya operatorlariga samaradorlikni oshirish hamda yangi marralarga ko‘tarilish imkonini beradigan yashil, ishonchli, samarali, aqlli AKT infratuzilma yaratish mavzulari ko‘rib chiqildi.
Jahon raqamli iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. 2022 yilda jahon yalpi ichki mahsulotining 50 foizdan ortig‘i raqamlashtiriladi. Xitoy, Janubiy Koreya va Yevropa Ittifoqi kabi ko‘plab mamlakatlar va mintaqalar allaqachon raqamli iqtisodiyot borasida katta investitsiya rejalarini tuzib qo‘yishganini e’lon qilishgan.
Huawei ijrochi va operatorlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘lim direktori Rayan Din o‘zining asosiy ma’ruzasida raqamli iqtisodiyotning hayotiyligini uchta omil bilan baholash mumkinligini tushuntirdi: ulanish zichligi, hisoblash resurslarining xilma-xilligi va uglerod chiqindilarini kamaytirish jadalligi va bu omillar operatorlarga kelgusida raqamli iqtisodiyotni shakllantirish uchun ularga zarur imkoniyatlarni taqdim etadi.
«Ulanish zichligini oshirish orqali operatorlar o‘zlarining 5G foydalanuvchi bazasini ko‘paytirishi va o‘z biznesini kengaytirishi mumkin. Uglerod chiqindilarini kamaytirish nuqtai nazaridan Huawei kompaniyasiniki kabi yangi ekologik toza AKT yechimlar tarmoq sig‘imini oshiradi va ekologik rivojlanish uchun energiya sarfini kamaytiradi», — dedi Rayan Din.
5Gning tijorat yo‘nalishi ikki yil avval boshlangan va o‘shandan beri 5G tarmoqlari, foydalanuvchilari va qurilmalari soni tez sur’atlar bilan o‘sib kelmoqda. 2021 yil oxiriga kelib, 200 dan ortiq operatorlar 700 milliondan ortiq 5G foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat 5G tarmoqlarini o‘rnatdilar. O‘zbekistonda uchta aloqa operatori beshinchi avlod tarmoqlarini tijorat oldi sinovidan o‘tkazdi.
Jahon Mobil Kongressi 2022 yil 28 martdan 3 martgacha bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning raqamli transformatsiyani jadallashtirishdan manfaatdorligini inobatga olib, mobil operatorlar va AKT regulyatorlari delegatsiyasi tajriba almashish va kelgusida respublikaning AKT infratuzilmasini mustahkamlash uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan raqamli trendlarni o‘rganish maqsadida tadbirda ishtirok etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter