«15 yoshimda aravakashlik qilardim» — og‘ir vaziyatni «ayti» ko‘magida o‘zgartira olgan yigit hikoyasi
Navbatdagi safarimiz Angren shahriga bo‘ldi. U yerda lavhamiz qahramoni Shoxruh bilan uchrashdik.
19 yoshida u SMM bo‘yicha mutaxassis va IT-Markaz o‘qituvchisidir.
Qahramonimizning o‘smirligi oson kechmagan. Onasiga oilaning to‘rt nafar a’zosini boqishga yordam berish maqsadida 15 yoshida bozorda aravakashlik qila boshlaydi, chunki ular boquvchisiz qolishgan edi.
Daromadning boshqa turini topishga qaror qilib, u yangi kasblarni sinab ko‘rishga qaror qildi va IT sohasiga qiziqib qoldi, bu unga muvaffaqiyatli mutaxassis bo‘lishiga yordam berdi.
Ko‘rib turganingizdek, IT har bir inson o‘zini topa oladigan va hayotini o‘zgartira oladigan sohadir.
Quyida Shoxruhning hikoyasini tinglaymiz:
«Oilada 3 farzandmiz: 2 nafar opam va men. 14-15 yoshlarimdan beri ota mehriga zor bo‘lib ulg‘ayaman. Ko‘ngli o‘ksimasin deb, onam bizga ham ota, ham ona bo‘lib katta qildilar. Bolalarim hech narsaga zoriqmasin, deb o‘zlarini o‘qqa-cho‘qqa urar edilar. Hali hamon esimda o‘sha qahraton qish kunlari… onam bizga «yediray, ichiray» deb har ishga bosh urardi.
Onam boshidan o‘tkazayotgan qiyinchiliklarni kuzatar ekanman, o‘zimga vada berdim: Man erkak kishiman, erkak sifatida oilamga yordam berishim, ishlashim kerak.
Shu bo‘yi 15 yoshimda bozorga chiqdim va aravakashlik qila boshladim. Qilayotgan ishimdan hech ham uyalmasdim. Xayolimda «men oilamga yordam berishim kerak» degan fikr aylanardi.
Hayot shu maromda davom etar edi. Har kuni kunlik ishlarga chiqardim, qayerda yaxshi pul to‘lashsa, nima ish bo‘lsa o‘sha yerga borardim, meni hech kim «ishla, pul top» deb majburlamagan.
Uyda onamning topganini yeb yotishga uyalardim.
Kechalari ko‘mir ortishga borardim. Opalarim «borma, kechalari yolg‘iz yurma» desa ham qaysarlik qilib, uydan qochib chiqib ketardim va ertalab azonda soat 4-5 ga yaqin ustim qop qora ko‘mirga belanib kirib kelardim.
8-sinfda o‘qigan kezlarim bir og‘aynim ingliz tili to‘garagiga qatnashishni taklif qildi. Boshida rad etdim, «qiziqmiman baribir o‘rganolmayman» deb aytdim. Lekin u baribir majburlab olib bordi. To‘g‘risi, menga ingliz tili to‘garagi birinchi kundayoq yoqib qoldi. 4 yil ingliz tilini o‘rgandim.
Yagona maqsadim — oliy o‘quv yurtiga kirish edi. Uydagilarim, onam, opam va buvim doim «Universitetga kirib oliy ma’lumotli bo‘lsang, yaxshi kasb egasi bo‘lasan» deb uqtirishar edi.
To‘g‘risi, maktabda yaxshi o‘qimas edim, qo‘pol qilib aytganda, maktabni «koridorda» bitirganman. Faqatgina ingliz tiliga mehrim boshqacha edi. Unga astoydil qiziqardim va o‘rganishga harakat qilardim.
11-sinfni bitirib, unversitetga hujjat topshirdim. Afsuski, imtihondan yiqildim. O‘sha vaqti dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib qoldi. Axir 4 yil ingliz tilini o‘qib ham o‘qishga kirolmadim. Tushkunlikka tushib qoldim. Endi kelajagim nima bo‘ladi, qanday pul topamanu, oilamni qanday boqaman degan savol qiynardi.
Shu voqealardan so‘ng onlayn tarzda pul topishga qiziqib qoldim va izlanishni boshladim. Instagramda va ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar, IT sohasi mutaxassislarining faoliyatini kuzatishni boshladim. Kunlardan bir kun hayotimni o‘zgartirib yuborgan 3 ta mo‘’jizaviy harfga ko‘zim tushdi. Bu SMM mutaxassisligi edi. Ushbu yo‘nalish hayotimni tubdan o‘zgartirib yubordi.
Xullas, «ayti» sohasi bo‘lmish SMM nima ekanligiga juda qiziqib, uni qayerda o‘rgansa bo‘lar ekan deb turli joylarni qidirib chiqdim.
«Ayti» sohasi o‘quv markazlarida o‘qitilishini bilib oldim va Angren shahridagi barcha o‘quv markazlariga borib ko‘rdim. Qaysisiga bormay, barchasi rad javobini berardi. Hattoki «Ayti nima» deb so‘raganimda «bilmaymiz» deganlar ham bo‘ldi
Keyin Angrenda IT-park ko‘magida markaz ochilgani haqida eshitib qoldim va o‘sha yerga borishga qaror qildim.
IT-markazda yaxshi bir yaxshi insonni uchratdim. Ular yordamlarini ayamay, menga IT nima ekanligini, bu soha orqali qanday daromad olish mumkinligini, xullas, barchasini ipidan ignasigacha o‘rgatdilar.
IT-park tufayli o‘zimga kerakli bilimga ega bo‘ldim. Mana vaqt o‘tib, yaxshi daromad oladigan mutaxassisga aylandim.
Endi esa o‘zim kabi hayot qiyinchiliklariga duch kelgan, o‘qiyman degan bolalarga SMM yo‘nalishi bo‘yicha bilim olishlari uchun yordam berib kelyapman.
Talabalarimga hamisha takrorlayman: universitetga kirolmasangiz, bu «hammasi tugadi» degani emas. Orzu va maqsadlaringizga erishish uchun imkoniyatlar talaygina, faqat xohish va tirishqoqlik bo‘lsa bas. «Ayti» yo‘nalishini tanlab, diplomsiz ham yaxshi kasb egasiga aylanishingiz mumkin deya uqtiraman.
Hammaga esa maslahatim – oldi-qochdi narsalarga qimmatli vaqtingizni sarflamasdan zamonaviy kasblarni jamlagan «ayti» sohasini tanlang. Qunt bilan o‘qib-o‘rganib, o‘z ishingiz ustasi bo‘lsangiz, ishonch bilan aytamanki, hech qachon ko‘chada qolmaysiz. Maqsadingiz yo‘lida faqat olg‘a intiling va hech qachon bo‘sh kelmang».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter