«Archos Sitee Connect» — «Android»da harakatlanadigan ilk samokat taqdim etildi
«Archos» kompaniyasi «Android Oreo» operatsion tizimida ishlaydigan «Citee Connect» samokatini taqdim etdi. U smartfonning barcha funksiyalarini o‘zida mujassam etgan, jumladan, internetga kirishga ham qodir to‘laqonli multimediali boshqaruv paneli joylashgan sensorli ekran bilan jihozlangan. Bundan tashqari «MWC 2018» ko‘rgazmasida yana ikkita samokat modeli namoyish etiladi, deb xabar berdi «4PDA».
«Archos Sitee Connect» himoyalangan 8,5 dyuymli g‘ildiraklar, boshqaruv tutqichlari va mo‘’tadil harakatlanishga yordam beradigan protektorlar bilan jihozlangan. Samokatning harakatini quvvati 250 vatt bo‘lgan dvigatel va 36 voltli batareya ta’minlaydi. Bir marta zaryadlangan samokat shahar bo‘ylab 25 kilometr yo‘l bosishi mumkin.
Samokatning smart-funksiyalari «Android 8.0 Oreo» yordamida ishlaydi. Uning «kapoti»da to‘rt yadroli protsessor, 1 gigabaytli operativ xotira, 8 gigabaytli ichki xotira hamda harakatlanish vaqtida to‘g‘ridan-to‘g‘ri internetga ulanish imkonini beradigan 3G moduli mavjud. Namlik va boshqa tashqi ta’sirlardan himoyalangan 5 dyuymli displeyda harakat tezligi, bosib o‘tilgan masofa va akkumulyatorning qancha quvvati qolgani ko‘rsatib turiladi.
Ushbu samokat joriy yilning yozidan boshlab sotuvga chiqadi. Narxi 499,99 yevro bo‘lishi kutilayapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter