Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vazirligining Jamoatchilik kengashi yangi qaror loyihalarini muhokama qildi

AKT vazirligining Jamoatchilik kengashi yangi qaror loyihalarini muhokama qildi

Foto: «Mitc.uz»

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshida tuzilgan Jamoatchilik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Elektron tijorat sub’yektlarining Milliy reyestrini tashkil etish to‘g‘risida»gi hamda «Raqamli mahsulotlar uchun bitimlarni rasmiylashtirish va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi bo‘yicha Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihalari muhokama qilindi.

Jamoatchilik kengashi a’zolari elektron tijorat sub’yektlarini aniqlash mexanizmini diqqat bilan ko‘rib chiqdilar, shuningdek raqamli mahsulotlar uchun bitimlarni rasmiylashtirish va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi yuzasidan takliflarini bildirdilar.

Har ikkala qaror loyihalari ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining me’yoriy-huquqiy hujjatlari loyihasini muhokama qilish portalida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan. Ular bilan quyidagi manzillar orqali tanishish mumkin:

https://regulation.gov.uz/ru/documents/2682

https://regulation.gov.uz/ru/documents/2672

AKT vazirligi mazkur hujjatlarda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha aholida takliflar bo‘lsa, muhokamada ishtirok etishga chaqirgan.

Yaqinda Jamoatchilik kengashining «Facebook» tarmog‘idagi sahifasi o‘z ishini boshladi. Mazkur sahifa orqali barcha xohlovchilar Kengash faoliyatini kuzatish hamda rejalashtirilgan muhokamalarda qatnashish imkoniga egalar.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning 4-mayida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzilgan edi. Jamoatchilik kengashining bosh maqsadi vazirlik oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilash va amalga oshirishda shaffoflik hamda samaradorlikni ta’minlash, shuningdek aholi va tadbirkorlik sub’yektlari bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish orqali vazirlik faoliyatiga nisbatan jamoatchilik ishonchini oshirishdan iborat.

Shu bilan birga, Jamoatchilik kengashi vazirlik hamda boshqa davlat organlari tashabbusi bilan shakllantirilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning muhokamalarida ishtirok etishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan takliflar ishlab chiqishi, sohani rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasida yangi texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha xorijlik ekspert hamda IT-kompaniyalarni jalb qilish choralarini ko‘radi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring