Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri: «Yil yakuniga qadar viloyat va tuman markazlarida internet tezligi bir necha barobarga oshiriladi»

AKT vaziri: «Yil yakuniga qadar viloyat va tuman markazlarida internet tezligi bir necha barobarga oshiriladi»

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston rahbariyati axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, iqtisodiyotning raqamli sektorini jadal rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotga innovatsiyalarni joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lidan bormoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov «ICTWEEK UZBEKISTAN» haftaligi doirasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «DIGITAL UZBEKISTAN» forumida aytib o‘tdi.

Shu nuqtai nazardan, vazir joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda AKT sohasida amalga oshirilgan ishlarni aks ettiruvchi bir nechta dalillarni keltirdi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha:

  • Yil boshidan buyon 8 ming km.dan ortiq optik tolali aloqa yo‘llari yotqizildi va unga 5,5 mingdan ortiq ijtimoiy ob’yektlar ulandi, jumladan, maktablar, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari;
  • operator va provayderlar uchun xalqaro internet-kanal narxini pasaytirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan buyon narxning pasayishi 26 foizni tashkil etdi.

Dasturi ta’minot bozorini rivojlantirish bo‘yicha:

  • Axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish, shuningdek, startap loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning iyul oyida IT-park tashkil etildi.
  • AKT haftaligi doirasida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan birgalikda respublikamiz oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSh dollaridan iborat bo‘lgan «mGovAward» mobil ilovalarini ishlab chiqarish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi.

Elektron hukumatni rivojlantirish masalalari va elektron davlat xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha:

  • Joriy yilning iyun oyida tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi ishga tushirildi. O‘tgan qisqa davrda tadbirkorlarning 10 mingdan ortiq so‘rovlari ko‘rib chiqildi, bu esa iqtisodiyotning real sektorlariga investitsiyalar hajmini bir necha bor oshirish imkonini berdi.

AKT sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha:

  • Bu yil Toshkentda Amiti universiteti filiali ochildi va talabalar o‘qishni boshlashdi.
  • Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet ochildi.
  • Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirish doirasida respublikamiz hududlarida 17 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi. Ularda kompyuter texnologiyalari, dasturlash va robototexnika bo‘yicha bepul kurslar tashkil etildi.

AKT vaziri rivojlanayotgan davlatlar uchun raqamli transformatsiya yo‘lidagi asosiy muammolar haqida ham gapirib o‘tdi.

Jumladan, ta’lim va o‘qitish, yoshlarning tabiiy fanlarga qiziqishini rag‘batlantirish va aholi o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun qulay bo‘lgan «ekotizim»ni yaratish; me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish; shahar va qishloq aholisi o‘rtasida «raqamli tafovut»ni bartaraf etish masalalariga to‘xtaldi va bu borada O‘zbekiston doimo hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasining raqamli transformatsiya borasida yaqin kelajakdagi rejalari ham bayon etildi.

Birinchidan, yil oxiriga qadar respublikaning aholi maskanlarini mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olish darajasini 96 foizgacha oshirish, shuningdek, internet tarmog‘iga ulanish tezligini viloyat markazlarida 4 barobarga, tuman markazlarida esa 10 barobarga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Ikkinchidan, 2020-yil oxirigacha respublikaning barcha ijtimoiy ob’yektlari, xususan sog‘liqni saqlash muassasalari, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari optik tolali yuqori tezlikdagi internetga ulanadi. Bunda qariyb 19 mingta ijtimoiy ob’yektlar ulanishi rejalashtirilgan.

Uchinchidan, O‘zbekistonda venchur kapital fondini yaratish va axborot texnologiyalari sohasida istiqbolli startap loyihalarni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali moliyalashtirish mexanizmini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Joriy yil oxiriga qadar shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish loyihasining birinchi bosqichi yakunlanadi. Uning doirasida respublikada qo‘ng‘iroqlarni boshqarishning aqlli tizimlari joriy etiladi va shoshilinch tibbiy xizmatlarning texnik bazasi modernizatsiya qilinadi.

To‘rtinchidan, yoshlar va respublika aholisi uchun sifatli va arzon ma’lumot olish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, mamlakatning har bir mintaqasida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini ochish davom ettiriladi. Yaqinda «Bir million Xorazmiy dasturchilari» yirik dastur start oladi. Bunda keng omma uchun dasturlash ko‘nikmalarini masofaviy o‘qitishni tashkil etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring