AKT vaziri maktabga kitoblar tuhfa qildi. Bu yerda Raqamli texnologiyalar markazi ham ochiladi
Shu yilning 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni mamlakatimizning barcha hududlarida keng joriy qilish masalalari muhokama qilingandi.
Ushbu tashabbuslardan birining ijrosi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklanib, unga ko‘ra, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tumanlar markazlarida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini tashkil etish topshirig‘i berilgandi.
Mazkur topshiriqlarni bajarish bo‘yicha Namangan va Sirdaryoda «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etildi. Bu kabi markazlarni 2020 yilga qadar bosqichma-bosqich respublikamizning barcha tuman va shaharlarida ochish belgilangan.
O‘sha kungi yig‘ilishda davlatimiz rahbari aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalasiga to‘xtalib, «Har bir rahbar o‘zining shaxsiy kutubxonasidan o‘zi ta’lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo‘lib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», deb ta’kidlagandi.
Mazkur tashabbus asosida shu kunlarda turli soha rahbarlari tomonidan maktablarga kitoblar hadya qilinmoqda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ham Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumanidagi o‘zi tahsil olgan 3-o‘rta maktabga bordi. Vazir ushbu maktabga o‘z shaxsiy kutubxonasidan kitoblar tuhfa qildi.
Shuningdek, vazir maktabning informatika sinfini mukammal ta’mirlash va uni kompyuterlar bilan jihozlash tashabbusini ilgari surdi. Qolaversa, shu yerning o‘zida yoshlarni bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish va dasturlash saboqlarini o‘rgatish uchun Raqamli texnologiyalar markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilab olindi.
Ayni vaqtda kompyuterlar to‘plami maktabga yetkazilgan. Ta’lim dargohiga optik tolali aloqa liniyasi tortilib, kompyuter sinflari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanishi ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter