AKT vaziri Koreyaning Inha universiteti prezidenti bilan uchrashdi
Bugun, 28-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov Koreya Respublikasidagi Inha universiteti prezidenti janob Myong Vu Cho bilan uchrashdi. Bu haqda AKT vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda AKT vaziri bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasida ulkan natijalarga erishilganini qayd etdi. Jumladan, Toshkent shahridagi Inha universiteti qisqa vaqt davomida mamlakatimiz IT-sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biriga aylangani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligi hamda bu borada barcha sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni yanada kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun:
Toshkent shahridagi Inha universiteti faoliyatini «Kompyuter injeniring» va «Dasturiy injeniring» yo‘nalishlari bo‘yicha boshlagan edi.
2016 — 2017-o‘quv yilidan boshlab «Logistika» yo‘nalishi ham ochildi. Bugungi kunda Toshkent shahridagi Inha universitetida 1548 nafar talaba tahsil olmoqda.
Universitetda akademik jarayonni amalga oshirish hamda ilmiy salohiyatni shakllantirishda bir qator mamlakatlar, xususan AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Bolgariya, Hindiston, Pokiston, Rossiya va boshqa davlatlardan kelib faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ham o‘zlarining katta hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
2018-yil Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchilarning 85 foizi o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashdi. 15 foizi Germaniya, Shvetsariya, Fransiya, Norvegiya, Vengriya, Angliya, Chexiya, Janubiy Koreya va boshqa Yevropa mamlakatlaridagi universitetlarning magistratura yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni davom ettirishmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter