AKT vaziri «Andijon Shveysariyasi»da yoshlar bilan uchrashdi (video, foto)
Kecha, 27-may kuni Xonobodda «Vazir, hokim va yoshlar uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi. Viloyatning eng so‘lim go‘shasi — «Xonobod» sanotoriysida «AyTi» sohasiga qiziqqan o‘quvchiyu talabalar yig‘ilishdi. Ular bilan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hamda Xonobod shahri hokimi Mash’al Tojiboyev uchrashdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga yo‘llagan nutqi hamda o‘tgan yilda AKT vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar aks etgan qisqa videolavha namoyish qilindi. Shundan so‘ng shahar hokimi Mash’al Tojiboyev so‘zga chiqib, bunday uchrashuvlar yoshlarga yaxshi motivatsiya berishini ta’kidlab, AKT vazirligi bilan doimiy hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
— Aziz Xonobod yoshlari, — deya so‘z boshladi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov. — Prezidentimiz «Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman», deb yoshlarga katta ishonch bildirgan. Mana bugun biz ham — vazirlik jamoasi sizlar bilan muloqot o‘tkazgani, qalbingizga quloq solib, mavjud muammolarni muhokama qilib, ularni hal qilish uchun keldik. Sizning hayotingizda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda? Sizlarni qanday muammolar qiynaydi? Qanday yutuqlarga erishdingiz va kelajakdagi rejalaringiz qanday kabi masalalarni o‘rtoqlashishga tayyormiz.
Dolzarb masalalar bo‘yicha savollar berib meni, shahar hokimini, «AyTi» sohasi tashkilotlari rahbarlarini o‘ylashga majbur qiling. Qolaversa, yaxshi-yaxshi takliflar berib, sohamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham faol ishtirok eting. Bugungi muloqot maydonchasidagi uchrashuvimiz natijadorligi bevosita Sizu-bizga bog‘liq.
AKT vaziri yoshlarni ta’lim olish va kasb o‘rganishga chorladi. Buning uchun «ayti» yo‘nalishidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari, Toshkent shahridagi INHA va Amiti universitetlarida barcha sharoitlar mavjudligi, kasb o‘rganish uchun esa 130 dan ortiq Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirning savol-javob qismida xonobodlik yoshlar faollik ko‘rsatishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va g‘oyalarni o‘rtaga tashlashdi.
AKT vaziri Sh.Sodiqov yoshlarning ba’zi takliflarini amalga oshirish uchun uchrashuvda qatnashayotgan soha tashkilotlarini biriktirib qo‘ydi va ijrosi nazoratini o‘zim olib boraman, dedi.
Muloqot yakunida eng yaxshi savol, g‘oya, taklif berganlar va eng yosh ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter