Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT sohasida strategik marketingdan tortib stressni yengishgacha...

Bugun, 21-fevral kuni «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» DUK rahbar-xodimlari malakasini oshirish uchun 5 kunlik o‘quv seminari boshlandi. «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining raqamli iqtisodiyot rivojlantirishdagi o‘rni» mavzuiga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlarida «RRTM» DUKning viloyatlardagi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etishmoqda.

Seminar ochilishida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalariva kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov ham qatnashib, bunday amaliy mashg‘ulotlar rahbarlar malakasini oshirishda o‘ta muhimligini ta’kidlab, ishtirokchilardan yana faol bo‘lishni so‘radi.  Shuningdek, «RRTM» DUK bosh direktori Murodjon Sobirov, «M-Factor» MChJ asoschisi Hasan Mamasaidovlar ham so‘zga chiqishdi.

Dastlabki kun o‘quvlarida rahbar xodimlarning korxonada strategik marketingni olib borishi, bu borada SWOT boshqa tahlil usullaridan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek  KPI tizimi va uni to‘g‘ri tashkil etish zaruriyatlari bo‘yicha ma’ruzalar qilindi. E’tiborlisi, qatnashchilar ham o‘zlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan ko‘plab bahs-munozaralarga kirishib ketishdi.

Haqiqatda besh kunlik o‘quv kurslarida e’tiborni tortadigan mavzular kiritilgan. Xususan, kadrlarni boshqarish menejmenti, rahbarlarda kasbiy stress profilaktikasi va uni yengish usullari, nega marketing ishlamayapti, rahbar kadrlarning kreativ fikrlash ko‘nikmalarini oshirishning innovatsion usullari singari mavzular tinglovchilar uchun foydali bo‘lishiga shubha yo‘q. 

Korxonada boshqaruv samaradorligini oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari 25 fevralgacha davom etadi va tinglovchilar,o‘z navbatida, an’anaviy boshqaruv hamda ilg‘or xorijiy tajriba bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu maxsus kurslar “M-Factor” MChJ o‘quv binosida bo‘lib o‘tmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring