Akbarxon Sobirxonov: «Yoshlarimiz loyihasidan qanday foyda ko‘rishni bilishmaydi»
Bugun dunyo nafaqat har kuni, balki har soatda yangi o‘zgarish va kashfiyotlarga guvoh bo‘lmoqda. Insoniyatning hozirgi rivojlanish bosqichiga yetib kelishi ham ana shunday yutuqlar natijasidir. Buni anglagan davlat borki, o‘z tadqiqotchilari, olimlari, yaratuvchilari, ishlab chiqaruvchilari, dizaynerlarini qo‘llab-quvvatlab, ularning odamlar hayotini qulaylashtirish va yanada qiziqarli qiladigan loyihalarni o‘ylab topishiga sharoit yaratmoqda. Ushbu jarayonda iqtidorli yoshlar ishtirokini faollashtirish esa ko‘zlangan maqsadga erishishda ustuvorlik berishi aniq.
Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan Technoways texnologik marafonining maqsadi ham shu. Bugun bu haqda Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktor o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov bilan suhbatlashamiz.
— Sizningcha, bugunning yoshlari ilm-fan va yaratuvchanlikka qay darajada qiziqmoqda? Bu yo‘lda Innovatsion rivojlanish vazirligi iqtidorli yoshlarga qanday yordam beradi?
— Bugun yoshlarimizda qiziqish va iqtidor juda yuqori. Ular yangi texnologiyalarni tez o‘zlashtirmoqda. Biroq faoliyatim davomida asosan yoshlar bilan ishlaganim uchun, shuni aniq aytishim mumkinki, ularning bitta xatosi — hammasi texnik ekanligi. Ya’ni, yaratgan loyihasini hayotga qanday tatbiq etishni bilmayotgani. Ularda mahsulot turlari bo‘yicha ishlash, marketingini yo‘lga qo‘yishda sustkashlik bor. Hozirgacha qancha guruhlar bilan ishlagan bo‘lsak, ularga har tomonlama tushuntirildi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi. Mana, yaqindan bu yoshlarimiz ham o‘z mahsulotlarini bozorga olib chiqib sotishni boshlashdi.
Bilasizmi, o‘zi innovatsiya qachon innovatsiya bo‘ladi?! Qachonki, yaratilgan loyiha hayotga joriy qilinsa, sotilsa, odamlarga foyda keltirsa… Bizning yoshlarda iqtidor, izlanuvchanlik, qiziqish baland, juda ko‘p loyihalar yaratilyapti, ammo innovatsiya yo‘q, tushunyapsizmi?!
Shuning uchun ham Technoways texnologik rivojlanish marafonini yo‘lga qo‘yishga qaror qildik.
— Navbatdagi savolimiz aynan shu marafon haqida edi. Talaba-yoshlar uchun ilk bor tashkil etilayotgan ushbu loyiha to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bersangiz.
— O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan Technoways texnologik marafoni 15-30 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda talabalar, tadqiqotchilar hamda ilmga chanqoq iqtidorli yoshlar innovatsiya, startap, texnologiya, dasturlash bo‘yicha bilimlarini oshirishi, shuningdek, loyihalar ishlab chiqishi hamda tijoratlashtirish ko‘nikmalarini shakllantirishi mumkin. Marafonda qatnashish istagida bo‘lganlar www.technoways.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
— Nazarimda, hammaga loyiha ta’sischisi kim ekani va bunga nima turtki bo‘lgani, yana undan qanday maqsadlar ko‘zlangani ham qiziq.
— Bu marafonning tashabbuskorlari Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi xodimlari. Loyihani yo‘lga qo‘yishimizga esa joriy yil 12 iyunida vazirligimizning yangi va zamonaviy binosi ochilish marosimiga Davlatimiz rahbari tashrif buyurib, «Innovatsion rivojlantirish vazirligini bekorga talabalar shaharchasida qurish bo‘yicha topshiriq bermadim. Mazkur vazirlik barcha oliy ta’lim muassasalaridagi talabalarni bir yerga birlashtiradigan joy bo‘lsin. Bu ularning uyi bo‘lishi kerak», degan fikrlari asos bo‘ldi deyish mumkin. Endilikda karantin tadbirlari ancha yumshatilganidan foydalanib, qiziqishi va iqtidori bor talabalarimizga ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rsatish fursati yetib, ushbu marafonni tashkil qilyapmiz.
Bosh maqsadimiz yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish va ulardan to‘g‘ri foydalanish. Ochig‘i, bizga shu kerak. Endi ikki haftalik dasturimizga kelsak, boshida 3 kun talabalarga innovatsiya nima, startap nima, akseleratsiya, tijoratlashtirish nima, yana qaysi loyihadan qanday foydalanish kerakligini o‘rgatamiz. Shuningdek, ushbu sohada yutuqqa erishgan mutaxassislar tomonidan seminar-treninglar, vorkshoplar o‘tiladi. To‘rtinchi kundan esa ular jamoalarga bo‘linadi va karting zona, laboratoriyalarimizdan foydalanishni boshlashadi. Mutaxassislar tomonidan bazaviy bilimlar beriladi. Va biz bunga parallel ravishda muammo taqdim etamiz. Ular shu muammolarni o‘z innovatsion loyihalari bilan yechishga harakat qilishadi. 15-kuni esa jamoalar «Biznes angellar»ga loyihalari taqdimotini o‘tkazishadi. Yana bir muhim jihati, bitta sohadagi bolalar bir-biri bilan tanishadi, bilim oladi, tajriba almashadi.
— Marafonga butun respublika yoshlari qamrab olinadimi yoki?..
— Albatta, marafonda butun respublikamiz talaba-yoshlari qatnashishi mumkin. Faqat hozircha pandemiya sabab onlayn ro‘yxatdan o‘tganlar orasidan 50 nafar talabani tanlab olishga majburmiz. Saralanganlar marafonni bizning binoda o‘tkazishadi. Qolganlar esa onlayn shaklda ishtirok etishadi. Ular uchun ham onlayn darslar, seminar va treninglar tashkil etiladi.
— Loyiha samaradorligini oldindan baholash mumkinmi? Masalan, qanchalik natija berishi ma’lum bir mezonlarga solib ko‘rildimi?
— Shu vaqtgacha olib borgan faoliyatimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, kutilgan natijani berishi aniq. Yuqorida ta’kidlaganimdek, bizning yoshlar juda iqtidorli va yaratuvchan. Faqat ular loyihasidan qanday foyda ko‘rishni, uning bosqichlaridan o‘tishni, qay tariqa sotishni bilishmaydi. Biz esa bunday ixtirochilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, turtki berishimiz kerak. Masalan, ko‘pchilik loyiha qiladi-da, lekin qayerga olib chiqishni bilmay boshi qotadi. Yoki televideniyega olib chiqib, namoyish etadi-da, to‘xtab qoladi, uni biror yo‘nalishga joriy qilolmaydi. Shu tariqa ko‘p ixtirochilarimiz ruhan «cho‘kib», «sinib qolyapti». Miyasiga: «E, baribir hech kim bizga e’tibor qilmaydi. Loyihamizga hech kim qiziqmaydi», degan o‘ylar o‘rnashyapti. Mana, Innovatsion rivojlanish vazirligi nima uchun tashkil etildi? Ya’ni biz davlat tashkiloti sifatida ularga yo‘l ko‘rsatishimiz, yangiliklarga, innovatsiyalarga har doim ochiq ekanimizni his qildirishimiz kerak.
Shuningdek, ularga loyihani tijoratlashtirish zarurligini anglatishimiz darkor. Masalan, bir bola juda zo‘r loyiha qildi deylik. Lekin u odamlarga foyda keltirmasa, hayotga tatbiq etilmasa, hech kimga kerak emas, to‘g‘rimi? Biroq o‘sha bola yaratuvchi, unda iqtidor bor, agar biz bu qobiliyatni to‘g‘ri yo‘naltirsak, misol uchun, «Sen shu narsani yaratibsan, barakalla, lekin mana bu yo‘nalishda olib borsang, hayotga tatbiq qilinadi, yaxshi sotasan, ya’ni tijoratlashtirish bo‘ladi», deb tushuntirsak, shundagina biz ham u boladan o‘rinli foydalangan bo‘lamiz, ham iqtisodiy samaradorlikka erishamiz.
— Bu marafondan keyin yosh ixtirochilarimizni yana nimalar kutmoqda?
— Ikki haftalik marafon davomida yoshlarimiz marketingni, loyiha yaratishni, tahlil qilishni o‘rganishadi va 6 ta juda mukammal hamda zamonaviy laboratoriyalarimizdan foydalanishadi. Yana bunga parallel ravishda loyihalar beramiz, ular ustida ishlashadi. Jarayon yakuniga yetgach esa ularga «Biznes angellar» tomonidan loyiha uchun uncha katta bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratiladi. Masalan, 50 nafar talaba tanlab olgan bo‘lsak, ularni 5 nafardan bo‘lib, 10 ta jamoa tuzamiz. Mutaxassislarimiz har bir jamoaga bir yil davomida mentorlik qilishadi. Ya’ni loyihalarini tijoratlashtirishgacha bo‘lgan jarayonda har doim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ko‘maklashib turiladi.
— Bu loyiha hali boshlanishi, to‘g‘rimi? Yaqin kelajakda oldinda yana qanday rejalar bor?
— To‘g‘ri, bu yangi ochilgan vazirligimizda endi yo‘lga qo‘yilayotgan loyiha. Va biz uning davomiy bo‘lishiga ishonamiz, buning uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Hozircha ham karantin sabab, ham kamchiliklarimizni, yutuqlarimizni o‘rganish uchun 50 nafar boladan boshlayotgan bo‘lsak, keyinchalik marafonimizda yuzlab, minglab yoshlar ishtirokini ta’minlamoqchimiz. Hali oldinda qiladigan ishlar, rejalar ko‘p. Xullas, mazkur loyihadan maqsadimiz juda katta.
Shohida Isroilova suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter