«Ajoyib matematika» festivali boshlandi
Toshkent shahridagi Inha universitetida 2018-yilning 28-iyul kuni «Ajoyib matematika» festivali ochildi. Bu haqda universitet saytida xabar berildi.
Festivalning asosiy maqsadi matematikaning mo‘jizalarini namoyish etish va matematika juda qiziqarli ekanligini namoyish etish va ushbu fanni o‘qitish va o‘rganish qiziqarli ekanini ko‘rsatishdan iborat.
«Ajoyib matematika» festivali maktab va boshqa ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari, matematika o‘qituvchilari hamda ushbu fanga qiziqqan va sevganlarga mo‘ljallangan.
Tadbirda ishtirok etish uchun Koreya Respublikasidan 25 nafar matematika bo‘yicha professor va o‘qituvchilar tashrif buyurishdi. Ular festival doirasida 25 ta matematika stendlari taqdim etdilar.
Uch kun davomida Janubiy Koreyadan kelgan mutaxassislar stendlarda turli pazllar, mashqlar va misollarni bolalarga taqdim etadilar va o‘z bilimlari bilan bo‘lishadilar. Tadbir davomida bolalar uchun tanlovlar va matematika bo‘yicha xorijiy mutaxassislarning ma’ruzalari ham tashkil etiladi.
Festival doirasida «Dasturlash soati» aksiyasi tashkil etiladi. Aksiya davomida bolalar dasturlash asoslariga bag‘ishlangan bir soatlik bepul darsda ishtirok etishlari mumkin.
«O‘zbekiston rahbariyati ta’lim tizimi, jumladan STEM-ta’limni, rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda. «Ajoyib matematika» festivali bizning yosh avlod bilimlarini oshirishga qo‘shgan hissamizdir. Umid qilamanki, festivaldan keyin yanada ko‘proq bolalar matematika bilan shug‘ullanishadi», – dedi IUT prorektori Turdimurod Tursunmuratov. – «Ushbu imkoniyatdan foydalanib, men ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan tashkilotlarga minnatdorlik bildiraman. Bolalarning ta’limiga sarmoya yo‘naltirsak, biz buyuk kelajagimizni ta’minlaymiz».
Festival Toshkent shahridagi Inha universiteti, Janubiy Koreyaning Inha universiteti hamda Koreyaning o‘qituvchilar uchun matematika madaniyatini tadqiq etish jamiyati tamonidan tashkil etilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter