50 yildan keyin hayotimizda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?
Ellik yildan keyin odamlar mehnat ta’tilini fazoda – maxsus qurilgan mehmonxonada o‘tkazishi mumkin. «Samsung» kompaniyasi buyurtmasi asosida tadqiqot o‘tkazgan bir guruh kelajakshunos olimlar ana shunday xulosaga kelgan.
«Kelajakka nazar» (Samsung KX50: The Future in Focus) deb nomlangan hisobotda transport tizimidan tortib sog‘liqni saqlash sohasiga qadar – jamiyat hayotining turli jabhalarida yuz berishi kutilayotgan yangiliklar bayon etilgan.
Xo‘sh, 2069-yilga borib, insoniyat hayotida yana qanday o‘zgarish va evrilishlar ro‘y beradi? Marhamat, olimlarning ayrim farazlari bilan tanishing.
Cuvosti magistrallar. Ummon ostida zirhlangan quvurlar orqali tezyurar konteynerlarda harakatlanish imkoni tug‘iladi. Suvosti magistrali orqali bir necha ming chaqirim masofani sanoqli daqiqalarda bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.
Yerosti imoratlar. To‘nkarilgan osmono‘par binoni tasavvur qilib ko‘ring. Yarim asrdan keyin ana shunday «yero‘par» imoratlar bunyod etish urfga kiradi. Olimlarga ko‘ra, zamin qa’riga yo‘nalgan bunday imoratlar kuchli zilzilalarga ham bardosh beradi.
O‘zini o‘zi tozalaydigan uylar. 2069-yilga borib ayollar uy tozalash kabi «dahmaza»dan qutuladi. Zamonaviy jihozlangan binolarda maxsus tugmani bosish kifoya – xona o‘zini o‘zini tozalaydi.
Fazoviy mehmonxonalar. Oy va boshqa sayyoralarga maxsus havo kemalari uchiriladi. Ushbu havo kemalarida tashkil etiladigan fazoviy mehmonxonalarda muayyan haq evaziga dam olish mumkin bo‘ladi.
Inson a’zolarining 3D usulda «chop etilishi». Tibbiyot sohasida, xususan, transplantatsiya – inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish yo‘nalishida ham inqilobiy yangiliklarga qo‘l uriladi. Xususan, 3D usulda inson a’zolarini ko‘paytirish yo‘li topiladi. Bu esa og‘ir dardga chalingan bemorlarni donor qidirish tashvishidan xalos etadi.
Uchar avtobus va taksilar. Mutaraqqiy jamiyatlarda uchar taksi va haydovchisiz uchar avtobuslar yo‘lovchilar uzog‘ini yaqin qiladi. Shu tariqa tirbandlik muammosi qisman hal etiladi. Uzoq masofani bosib o‘tishda esa raketalar jonga ora kiradi.
Ichki implantatlar. Odam tanasiga ichki implantat o‘rnatiladi. Insonning virtual yo‘ldoshi bo‘lgan ushbu moslama uning salomatligini muntazam kuzatib boradi va o‘z sohibini ehtimoliy xavfdan ogohlantiradi.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter