26 yoshli Umidjon ayollar mardikor bozorini yo‘q qilmoqchi (video)
Biz deyarli har kuni kelajagimiz «AyTi» bilan bog‘liqligi haqida eshitamiz. Den Braunning «Ibtido» asari ham aynan mana shu sohaga yaqin bo‘lganligi tufayli mashhur bo‘lib ketdi.
Bu asarda kelajagimiz «AyTi»ga qay darajada bog‘liqligi ko‘rsatilgan. Bir haqiqatni tan olaylik, Siz istaysizmi-yo‘qmi, hayotimiz texnalogiyalar bilan jipslashib ketsa, ketadiki, aslo uzilib ketmaydi. Shuning uchun ham uni o‘rganishimiz, ijtimoiy tarmoqdan foydali maqsadlarda foydalanishimiz kerak.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Yoshlar markazi binosidagi xonalardan bir nechtasi aynan «AyTi» bilan shug‘ullanuvchi, yosh yigitlardan tashkil topgan jamoaga berilgan.
Umidjon Ortiqov boshchiligidagi jamoa ikki yo‘nalishda faoliyat olib boradi. Birinchi yo‘nalish aynan «AyTi»ning sir-asrorlarini o‘rgatish bo‘lsa, ikkinchisi jamoaviy tarzda xizmat ko‘rsatish.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: nima uchun yoshlar markazi o‘z binosidan ularga joy berdi. Ustiga-ustak, hech qanday ijara haqi ham olmaydi. Gap shundaki, Umidjon Ortiqov imkoniyati cheklangan bolalarni bepul o‘qitadi. Axborot texnologiyalari imkoniyati cheklangan bolalar uchun ayni muddaodir, deydi biz bilan suhbatda Umidjon.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ta’lim olib, aynan mana shu yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan qahramonimiz 26 yoshda.
Bu yerda dars berayotgan boshqa yigitlar ham hali 30 yoshga ham to‘lmagan. Ularga qarab havasingiz keladi. O‘qishdan so‘ng bekor yurmasdan ishlagan yoshlar ham moddiy daromad topishadi, ham IT bo‘yicha olgan bilimlarini mustahkamlashadi.
Shunda savol tug‘iladi: mana shu yo‘nalishda qanday qilib daromad topsa bo‘ladi? Chunki orangizdagi ko‘pchilik bu yo‘nalishda o‘qib chiqishga ham ulgurgan bo‘lsangiz, ajabmas. Bilim olish boshqa-yu, mana shu bilimlarni amalda to‘g‘ri qo‘llay olib, uni moddiy mablag‘ga aylantirish umuman boshqa holat.
Umidjon biz bilan suhbatda «AyTi» yo‘nalishida yaxshi daromadga ega bo‘lish uchun inson, birinchi navbatda, tartibga rioya qilishi kerakligi haqida gapirib o‘tdi.
Yigitcha bilan suhbatlasharkanman, men ham shu yo‘nalishda bilimlarimni oshirsammikan, deb o‘ylab qoldim. Maqsadim, jurnalistikani tashlab, puli ko‘pakan, deb o‘zimni «AyTi»ga urib ketish emas, balki o‘z faoliyatimni aynan shu sohani o‘rgangan holda rivojlantirish. Chunki siz IT orqali boshqa soha va yo‘nalishlarning ham o‘sishiga sababchi bo‘lib qolishingiz mumkin. Umidjonning ham bu boradagi rejalari katta.
U aynan «AyTi»ni ayollar orasida ommalashtirib, ularning uydan chiqmagan holda ham daromad topishlariga ko‘maklashish va shu orqali ayollarning mardikor bozorini yo‘q qilish!
Xo‘sh, biz nima uchun bu yigit va uning jamoasini e’tiboringizga havola etdik, toping-chi?
Maqsadimiz, sizning to‘g‘ri tanlov qilishingizga ko‘maklashish. Siz «AyTi»ni sanoqli oylarda o‘rganib, masofadan turib ham yaxshigina moddiy daromadga chiqa olishingizni isbotlash. Agar shu yo‘nalishda o‘qigan bo‘lsangiz, ish topolmayotgan bo‘lsangiz, marhamat, Umidjonga uchrashing.
Feruza Umrzoqova lavhasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter