Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yog‘siz «saryog‘», soxta taomnoma va boshqa talon-tarojlar — bog‘chalar faoliyati o‘rganildi

Yog‘siz «saryog‘», soxta taomnoma va boshqa talon-tarojlar — bog‘chalar faoliyati o‘rganildi

Hisob palatasi tomonidan ijtimoiy sohaning muhim bo‘g‘inlaridan biri, Maktabgacha ta’limi vazirligi tizimidagi tashkilotlarni 2018-2019 yillardagi budjet va budjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanish samaradorligi hamda 2020 yilgi xarajatlarini maqbullashtirish imkoniyatlari yuzasidan vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati bilan hamkorlikda o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish natijasida Maktabgacha ta’limi vazirligi tizimi tashkilotlari tomonidan jami 48,3 mlrd.so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, tizimda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning oylik ish haqisi uchun ajratilgan mablag‘larning 7,2 mlrd. so‘mi quyi bo‘g‘inlardagi ayrim mansabdorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan noqonuniy o‘zlashtirish, ortiqcha to‘lovlar va o‘g‘irlik natijasida talon-taroj qilingan.

Soxta taomnomalar tuzib, haqiqatda sarflanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini xarajatga chiqarish va kamomadlarga yo‘l qo‘yish orqali 3,6 mlrd.so‘mlik mablag‘ noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Saryog‘ sifatida 2,2 mlrd.so‘mlik iste’molga yaroqsiz «SPRED» (o‘simlik moyi va sut yog‘ining aralashmasi) va yog‘lilik darajasi me’yordan past bo‘lgan «sariyog‘» mahsulotlari, 10,1 mlrd.so‘mlik veterinariya nazoratidan o‘tkazilmagan 309,4 tonna go‘sht mahsulotlari xarid qilinib, tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishi uchun sarflangan.

Tarbiyalanuvchilar sonini yashirish, ota-onalar to‘lovlarini kassaga kirim qilmaslik orqali 497,7 mln.so‘m mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Xaridlarning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tib, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid ravishda 253 ta holatda 11,3 mlrd.so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Bundan tashqari, xarid qoidalarini buzgan holda qimmat narxlarda hamda standartga javob bermaydigan 8,8 mlrd.so‘mlik tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan.

Tizimda amalga oshirilgan o‘rganish natijasi bo‘yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish va ularni kelgusida takrorlamaslik yuzasidan Hisob palatasi tomonidan 26 ta yo‘nalish bo‘yicha 75 ta takliflar ishlab chiqildi, tizim tashkilotlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu takliflar asosida Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi belgilandi.

Amaldagi 16 ta me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish, moliyaviy va uslubiy yo‘nalishlarni o‘zida mujassamlaydigan axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring