Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yaratgan modelimizdan o‘pka saratonini aniqlashda foydalandik va bu samarali bo‘ldi!..» Sloveniyadagi ilmiy tadqiqotchi Jamol Mattiyev bilan suhbat

«Yaratgan modelimizdan o‘pka saratonini aniqlashda foydalandik va bu samarali bo‘ldi!..» Sloveniyadagi ilmiy tadqiqotchi Jamol Mattiyev bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi qahramoni Sloveniyaning Primorska universiteti doktoranti Jamol Mattiyev bo‘ldi.

U bilan suhbatimiz Sloveniyadagi hayot, ilmiy ishi, ta’lim borasidagi takliflari va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

— Jamol aka Axborot texnologiyalari sohasini tanlashingizga aynan nimalar sabab bo‘lgan?

— Bunga, birinchi navbatda, oilam sabab bo‘lgan. Chunki men matematiklar oilasida tug‘ilganman. Ikkinchidan, matematika va informatikaga bo‘lgan qiziqishlarim bolaligimda matematikaga ixtisoslashtirilgan litsey internatiga yetaklagan.

2009-2015-yillar IBM kompaniyasi homiyligida o‘tgan dasturlash bo‘yicha jahon olimpiadasida qatnashdim va 2013-yili olimpiadaning yarim finalida 2-darajali diplom bilan taqdirlanganman. Mazkur jahon olimpiadasi meni axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishimni yanada oshirdi. Shundan keyin ingliz tilini mukammal o‘rganishga kirishdim. Keyingi yillar o‘qishim va ilmiy ishimni Italiyadagi Politectico di Torino universitetida davom ettirish baxtiga muyassar bo‘ldim.

Ochig‘i, Italiyada olgan bilim va tajribalarim ilmiy faoliyatimni rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. Boisi u yerda Machine Learning va Data Mining sohalaridagi dunyoning kuchli professorlari bilan ko‘plab muhokamalar orqali ilmiy ishim uchun eng to‘g‘ri yo‘nalishni tanlab olgandim.

— Doktorlik ishingiz o‘zi qanday muammo yechimiga qaratilgan?

— 2017-yil «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiati sifatida o‘z ilmiy ishimni Sloveniya davlatining Primorska universitetida davom ettirishga muvaffaq bo‘ldim.

Ma’lumot uchun aytib o‘tmoqchiman, jamg‘arma doktoranturadagi o‘qishim uchun barcha xarajatlarni: o‘qish uchun to‘lov (tuition fee), stipendiya (scholarship), yo‘l xarajatlari (travel expenses) va shu kabi boshqa xarajatlarimni qoplab berdi.

Primorska universitetini tanlashimga sabab esa, oldin ham Erasmus+ loyihalarida Urganch davlat universiteti va Primorska universiteti o‘rtasida hamkorlik mavjud bo‘lib, ko‘plab loyihalarda birga ishlaganmiz.

Sloveniyada doktoranturada ta’lim olish talablari rivojlangan davlatlardagidek yuqori. Mamlakatda 1 yil faqat PhD bosqichidagi chuqurlashtirilgan, aniqrog‘i 8 ta fanlar bo‘yicha tahsil oldim. Bitta fanni Italiya davlatida (PhD talabalari uchun tashkillashtirilgan o‘quv treningda) o‘qidim va o‘rtacha 92.5% bilan a’lo (excellent) bahoga tugatdim.

2017-yili yanvar oyida birinchi ilmiy seminarimni o‘tkazgandan keyin fakultetimiz dekani menga universitetning o‘zida ishlashni, ya’ni xalqaro talabalarga ilmiy sohamga aloqador bo‘lgan fanlarni o‘qitishni taklif etdi. Taklifni qabul qilib talabalarga dars bera boshladim. Sloveniyadagi ishim, o‘qishim va shaxsiy hayotim juda ham yaxshi edi, insonlari samimiy, ko‘chalari ozoda, tinch edi. Muhimi men Yevropada o‘z ilmiy soham uchun zarur bo‘lgan 4 yillik ish tajribasiga ega bo‘ldim.

Ilmiy ishimga to‘xtaladigan bo‘lsam, doktorlik ishim mavzusi «Clustering class association rules to form a meaningful and accurate classifie», ya’ni klass umumlashgan qoidalarni klasterlash orqali aniq va kompakt model yaratishdan iborat. Doktorlik ishimning asosiy maqsadi: dunyo miqyosida keng formallashgan sohalar uchun modellar yaratish va bu model yordamida vaqt sarfini kamaytirish, aniqlikni va daromadni oshirishdir.

Masalan, yaratgan modelimizdan tibbiyot sohasida o‘pka saratonini (breast cancer) aniqlashda foydalandik va yuqori natija oldik. Bundan tashqari, modelimizni qishloq xo‘jaligi sohasida ebalon o‘simligining yoshini aniqlashda qo‘lladik va bu ham samarali bo‘ldi.

Shuningdek, ilmiy ishim davomida men dunyo tan olgan ilmiy jurnallar (SCI, Scopus, Springer) va xalqaro konferensiyalarda jami 8 ta maqola chop etdim. Bundan tashqari, ilmiy ishim natijalarini xalqaro seminarlarda, xususan, Ispaniya, Vengriya, Sloveniya, Italiya va Polsha davlatlarida himoya qildim.

— Sizningcha Sloveniyaning qanday ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda joriy etish mumkin?

— Aynan men dars bergan universitetda talabaning formasiga yoki davomatiga umuman e’tibor berilmaydi. Oliygoh faqat ta’lim sifatiga e’tibor qaratadi. O‘ylashimcha, ushbu tajribani o‘zimizda qo‘llash mumkin. Keyingi taklifim, bakalavr va magistr talabalariga kamida 1 ta Scopus maqola chop etishni majburiy etib belgilashni tavsiya qilaman. Chunki talaba bakalavr paytidan ilmiy ish, ilmiy yangilik nima ekanini tushunib yetsa, bu talabaga keyingi faoliyatida katta yordam bo‘ladi. Mazkur amaliyot Yevropaning ko‘plab oliygohlarida allaqachon joriy etilgan.

Yana bir muhim masala, mamlakatimizda ilmiy faoliyat uchun bitta xorijiy maqola chop etishga 60 soat vaqt ajratilgan. Vaholanki, biz bitta maqolani dunyo tan olgan jurnallarda chop etish uchun kamida 1 yil vaqt sarflaymiz. Shularni inobatga olgan holda oliy ta’lim tizimida ilmiy faoliyat uchun ajratilgan soatlar taqsimotini qayta ko‘rib chiqilishni va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishini xohlardim.

— Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?

— Bo‘sh vaqtimda asosan ilmiy sohamdagi yangi maqolalarni o‘qiyman. Bu men uchun juda muhim. Chunki boshqa bir olim tomonidan yaratilgan algoritmni yoki modelni qayta yaratmaslik uchun ham zamon bilan hamnafas bo‘lish, ilmiy yangiliklarni muntazam o‘qib borish kerak.

Hozirda ilmiy rahbarimdan tashqari yana bir professor bilan ilmiy hamkorlik qilyapman. Bundan asosiy maqsad o‘z ilmiy sohamni yanada kengaytirishdan iborat. Kitob mutolaasiga ham vaqt ajratishga harakat qilaman. Oxirgi marta «Data Mining and Machine Learning» nomli kitobni o‘qidim. Kitobda mashhur algoritmlar va usullar kengroq yoritilgan.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

— Hozircha PhD diplomini olganimdan keyin, Doctor of Scince darajasini olish uchun ilmiy ishimni davom ettirmoqchiman. Shundan so‘ng Yevropada olgan bilim va tajribalarim asosida sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish niyatim bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring