Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijdagi OTMga hujjat topshiruvchilar nimalarga e’tibor berishi kerak? Mutaxassisdan izoh

Xorijdagi OTMga hujjat topshiruvchilar nimalarga e’tibor berishi kerak? Mutaxassisdan izoh

AOKAda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda muhim savollarga javob qaytarildi. 

Xorijiy davlatdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirmoqchiman. Xorij diplomi O‘zbekistonda tan olinishi uchun nimalarga e’tibor qaratishim lozim?

Hozirgi paytda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi firmalar yoshlarimiz orasida xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga hujjat topshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Sizga taklif etilayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkiloti diplomining O‘zbekistonda tan olinishi uchun quyidagilarga e’tibor qarating:

Avvalo, tashkilotning oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, ya’ni litsenziyasi mavjudligiga ishonch hosil qiling.

Keyingi eng muhim talab — ta’lim muassasasi tomonidan beriladigan diplom o‘zi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bog‘liq. Buning uchun esa oliy ta’lim muassasasi va uning ta’lim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, talabgor tanlagan oliy ta’lim muassasasining o‘qitish shakli va ta’lim dasturlari O‘zbekiston qonunchiligiga mos kelishini o‘rganishi kerak. Amaldagi yangi tahrirdagi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 3 yil, sirtqi ta’lim kamida 4 yil, magistratura esa kamida 1 yil muddat qilib belgilangan.

Shu o‘rinda, fuqarolarni ogohlantiramizki, keyingi vaqtlarda ayrim konsalting xizmatini ko‘rsatuvchi firmalar tomonidan xorijiy davlatlarning litsenziyasi mavjud bo‘lmagan yoki akkreditatsiyadan o‘tmagan ta’lim muassasalariga hujjatini topshirtirib, keyin esa boshqa mamlakatning litsenziyasi mavjud bo‘lgan va akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirildi sifatida rasmiylashtirib berayotgan holatlari uchrab turibdi.

Bunday holatda diplom olgan talabgorning hujjati kelgusida tan olinmasligiga asos bo‘ladi. Chunki o‘qishga kirishi amaldagi tartiblarga mos kelmagani sababli hujjati O‘zbekistonda tan olinmasligi mumkin.

Bu kabi noto‘g‘ri harakatlar esa xorijiy diplomning mamlakatimizda tan olinmasligi oqibatida fuqarolarimizning kelajakda turli sarsongarchiliklarga duch kelishlariga sabab bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring