Xitoylik investorlar O‘zbekiston ta’lim sohasiga qiziqish bildirishmoqda
Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan, kuchli iqtisodiyot, yuqori salohiyatli xalqaro ta’lim tizimiga ega davlatlardan bir bu shubhasiz Xitoydir. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik, sherikchilik mustahkam do‘stlik va ishonch ustiga qurilgan.
Tarixiy manbalar bundan ming yillar avval ham xalqlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy sohalardagi aloqalar taraqqiy etganini ko‘rsatadi. Xususan, ikki ming yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan Buyuk ipak yo‘li har ikki mamlakatni asrlar davomida birlashtirib kelgan. Xitoylik sayyohlar, elchilar bizning tariximiz, madaniyatimiz haqida juda ko‘p qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirganlar. Jumladan, zaminimizda hukm surgan Davan (Farg‘ona), Qang‘, Turk hoqonligi singari davlatlar, bu zamindagi o‘rtamizda mavjud bo‘lgan qadriyatlar, urf odatlar haqida Xitoy solnomachilari qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirganlar.
Hozirgi kunda ham O‘zbekiston va Xitoy aloqalari kundan-kunga rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda. Buning yorqin ifodasini ikki mamalakat rahbarlari birgalikda olib borayotgan siyosiy va iqtisodiy — diplomatik munosabatlarda ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Xitoyda nashr etiladigan «Diplomat magazine» jurnali yaqinda O‘zbekiston va XXR o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan maqolani chop etdi. Unda zamonaviy bosqichda O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar turli yo‘nalishlarda muvoffaqiyatlar bilan rivojlanayotganligi qayd etilgan. BMT, ShHT singari xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik ham kengayib boryapti.
Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning jahon miqyosidagi eng muhim sheriklaridan, O‘zbekiston iqtisodiyotini modernnezatsiyalash bo‘yicha uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan yirik sarmoyadorlaridan biri sanaladi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 650dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida ma’daniyat, fan, ta’lim, turizm sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. «O‘zbekiston — Xitoy» hamda «XXR — Markaziy Osiyo mamlakatlari» do‘stlik jamiyatlari ishlab turibdi. Fan-texnika muassasalari o‘rtasida ilmiy hamkorlik, oliy o‘quv yurtlari orasida talabalar almashinuvi kengaymoqda. Xitoy markaziy millatlar va Pekin xorijiy tillar universitetlarida o‘zbek tili fan sifatida o‘qitiladi. O‘zbekistondagi bir qator oliy o‘quv yurtlarida xitoy tili o‘rgatilmoqda. Shanxay universiteti huzuridagi ShHT jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot instituti negizida O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashinuvlari markazi ochilgan. Shu va shunga o‘xshash imkoniyatlardan foydalangan holda ko‘plab yoshlarimiz Xitoy Xalq Respublikasida ta’lim olishmoqda. Albatta, bu kabi imkoniyatlar ikki mamalakatning kelgusidagi hamkorligini yanada rivojlantirishga yo‘l ochadi.
Ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan qator o‘zbek yoshlarini ko‘rib ko‘zing quvnaydi.
Masalan, yaqinda bir guruh xitoylik investorlar bilan tashkil qilingan hamda Xitoyning «CUECC» kompaniyasi orqali shu mamlakatning 300 dan ortiq institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan «Dream Life CN» nodavlat ta’lim muassasini olaylik.
«Dream Life CN» NTM o‘zbek yoshlariga yangidan-yangi bilim va ko‘nikmalarni berish, ularni xalqaro darajadagi yetuk mutaxxasislar bo‘lib yetishtirishga xizmat qiladi.
Markaz ochilishida qatnashgan xitoylik professor Lyu Xuey hamda «CUECC» kompaniyasi rahbari Ling Chjan shunday fikr bildirishdi:
«O‘zbek va xitoy xalqlari azaldan o‘zaro savdo-sotiq qilib, bir-birining madaniyatini boyitgan. Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat kabi sohalarda izchil davom ettirilmoqda.
Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha pozitsiya va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqindir. Bu mamlakatlarimizning o‘zaro va ko‘p tomonlama aloqalarida muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston va Xitoy xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Bizning bugun boshlagan ishimiz ham shu jarayonlarning bir bo‘lagi sifatida faoliyat olib borishiga, ikki mamlakat yoshlari har sohada o‘zlarining yaratuvchanlik, intiluvchanlik qobilyatlarini ishga solgan holda yangi imkoniyatlarni yaratishiga ishonamiz.
O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat, o‘zbek yoshlari esa uning chin ma’nodagi qanotlaridir. O‘zbekistonga qilgan bir haftalik sayohatimiz davomida bunga amin bo‘ldik. Biz shu yoshlar uchun kelajakda o‘zaro hamkorligimizni yanada rivojlantirishga hamda yangi investitsiyalar kiritishga tayyormiz».
O‘zbekiston xitoylik mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirganidan biz albatta mamnunmiz. Bu kabi yangi ishlarni boshlayotgan yurtimizning barcha yoshlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter