Xalq ta’limi vazirligi qator tashkilot va maktablarda moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqladi
Xalq ta’limi vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan 2019-yilning I-choragi davomida xalq ta’limi tizimi muassasalarida budjet qonunchiligini buzish holatlari profilaktikasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tashkil etildi.
Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, 1 444 ta tashkilot hamda maktablarda jami 11 413,7 mln. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.
O‘tkazilgan tahlillar natijasida ortiqcha va qo‘shimcha rejalashtirilgan mablag‘lar 4 276,9 mln.so‘m (37,5 foiz aniqlangan umumiy mablag‘dan), haqiqatda ishlamaydigan xodimlarga, ortiqcha saqlangan shtat birliklari hamda ishchi-xodimlar tomonidan bajarilmagan ish hajmlari uchun amalga oshirilgan to‘lovlar 2 071,7 mln. so‘m (18,2 foiz), malaka toifalarini belgilash sertifikatlarini qalbakilashtirish hamda ustama va mukofot pullarining ortiqcha to‘lanishi natijasida aniqlangan to‘lovlar summalari 2 018,0 (17,7 foiz)ni tashkil etganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 190 ta umumiy summasi 3 865,7 mln. so‘mlik o‘rganish materiallari huquq-tartibot organlariga topshirilib, 279 nafar mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar ko‘rildi.
Shuningdek, «budjet qonunchiligini buzish holatlari profilaktikasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida aniqlangan 3 023,4 mln. so‘m miqdordagi noqonuniy sarflangan budjet mablag‘lari belgilangan tartibda qaytarildi» deya ta’kidlangan xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter