Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi tizimida «Khan Academy» elektron platformasidan foydalaniladi

Xalq ta’limi tizimida «Khan Academy» elektron platformasidan foydalaniladi

«Bilim onlayn» nodavlat notijorat tashkilotining «Yuqori sifatli ta’limni har joyda va hammaga taqdim etish» shiori ostida faoliyat ko‘rsatuvchi «Khan Academy» elektron platformasini Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga moslashtirish hamda kelgusida uni yanada ommalashtirish ko‘zda tutilmoqda, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida mustaqil ta’lim olish uchun tavsiya etiladigan mazkur platformada matematika, axborot texnologiyalari, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, moliya, iqtisodiyot hamda boshqa fanlar bo‘yicha 10 mingdan ortiq bepul ma’ruzalar kolleksiyasi to‘plangan. Ayni paytda jahonning 190 mamlakatida uning 36 tildagi videodarslari va elektron ta’lim resurslaridan keng foydalanib kelinmoqda.

Aytish joizki, platformadagi mavjud ta’lim resurslari jahon standartlariga mos ravishda ishlab chiqilgan bo‘lib, bu ta’lim oluvchilarning erkin hamda mustaqil bilim olishini ta’minlaydi. Eng muhimi, har qanday o‘quvchi maktab darsliklaridagi bilimini platformadagi «tekin repetitor» — videodarslar ko‘magida mustahkamlab borishi mumkin.

Shu o‘rinda «platformadagi mavjud ta’lim resurslarini o‘zbekcha «gapirtirish»dan maqsad nima?! » degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ta’kidlash o‘rinliki, uning yurtimizda ommalashtirilishi nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilarni ham onlayn darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, dunyoning yangi pedagogik texnologiyalari bilan keng tanishtirish, zamonaviy ta’lim resurslarini ishlab chiqish hamda internet orqali tarqatish imkonini beradi. Qolaversa, bu o‘qituvchilarga zamonaviy yangi o‘qitish metodikalarini qo‘llashni o‘rgatishga va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bilim berish jarayonini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bepul hamda sifatli onlayn bilim olish imkoniyatining yaratilishi esa ta’lim sifatining oshishini ta’minlaydi. Bularning barchasi, pirovardida, keng jamoatchilikning nazariy va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirib, aholi bilim darajasini yanada yuksaltiradi, deyiladi vazirlik xabarida.

«Khan Academy» elektron platformasining o‘ziga xosligi, u orqali olinadigan masofaviy ta’lim mutlaqo bepul bo‘lib, har bir o‘quvchiga o‘zi xohlagan vaqtda, sharoitidan kelib chiqib, mustaqil ta’lim olish imkoni yaratiladi. Shu bilan birga, platformaning Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga moslashtirilishi va uning mukammal tarjimasi ona tilimizni yanada boyitadi. Ta’lim, ilm-fan olamidagi eng so‘nggi yangiliklarni mamlakatimiz ahliga o‘zbek tilida yetkazib berish imkoni tug‘iladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring