Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir gazetalar obunasi tushib ketishida aybi borligini rad etdi

Vazir gazetalar obunasi tushib ketishida aybi borligini rad etdi

Foto: «xs.uz»

Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati hamda faxriylar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalq ta’limi tizimida olib borilayotgan islohotlar, takliflar muhokama qilindi, akademik va fan doktorlari tomonidan ma’ruzalar o‘qildi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xalq ta’limi tizimida katta islohotlar amalga oshirilmoqda, — deya ta’kidladi Sherzod Shermatov. — Xususan, yosh avlodning bilimli bo‘lishi hamda hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Bu yo‘lda, eng avvalo, o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Pedagoglar maoshining oshirilishi maktablarga erkak o‘qituvchilarning qaytishiga turtki bo‘ldi. Nafaqaxo‘rlar pensiyasining to‘liq miqdorda to‘lanishi esa mahoratli o‘qituvchilar tajribasini yoshlarga o‘rgatishga ko‘maklashdi.

Yana shuni ta’kidlashni istardimki, maktablarda majburiy obunani cheklash borasidagi ishlarimizni noto‘g‘ri talqin qilayotgan, meni gazeta o‘qimaydigan, matbuotning dushmaniga aylantirib qo‘ygan turli xabarlarni eshityapman. Shaxsan mening ish stolimda har kuni gazetalar turadi. Ertalab ishimni “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” va boshqa gazetalarni o‘qishdan boshlayman. Bu targ‘ibotni boshqacha talqin qilish noto‘g‘ri, deb o‘ylayman.

Tadbirda xalqaro ta’lim tizimlari va tadqiqotlari bosqichma-bosqich joriy etilishi hamda iqtidorli bolalarni tarbiyalash uchun Prezident maktablari tashkil etilishi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, 2019 yil davomida “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida” Qonun qabul qilinishi kutilayotgani aytib o‘tildi. Mazkur hujjat o‘qituvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilab berishi bilan birga, ularning ijtimoiy himoyasiga oid masalalarni ham tartibga soladi.

Davra suhbatida darsliklarning ma’no-mazmuni borasida ham so‘z bordi. Shuningdek, har bir maktabda alohida forma joriy etilishi singari takliflar, fikr-mulohazalar ham bildirilib, muhokama qilindi.

Yulduz O‘rmonova (“Xalq so‘zi”)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring