Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi OTMda Jahon banki 210 000 AQSh dollariga moliyalashtirilgan loyihalar ish boshladi

Toshkentdagi OTMda Jahon banki 210 000 AQSh dollariga moliyalashtirilgan loyihalar ish boshladi

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Akademik innovatsiyalar fondining ikkita: «Agrar innovatsiyalar va resurslar» hamda «Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish» mavzularidagi loyihalari ish boshladi. Bu haqda «Xabar.uz»ga institut matbuot kotibi Rahim Jumaniyozov xabar berdi.

TIQXMMI prorektori Tohir Sultonovning qayd etishicha, ushbu loyihalar Jahon banki tomonidan 210 000 AQSh dollari miqdorida to‘liq moliyalashtirilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish davri 2 yilni tashkil etadi.

«Agrar innovatsiyalar va resurslar» multidissiplinar (tarmoqlararo) laboratoriyasini yaratish bo‘yicha innovatsion loyihasining miqdori 70 000 AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu loyiha «Iqtisodiyot» ta’lim yo‘nalishining amaldagi o‘quv reja va fan dasturlarini takomillashtirish, o‘quv rejaga yangi innovatsion turdagi fanlarni kiritish; yetakchi xorijiy universitetlarida qo‘llanilayotgan innovatsion yechimlarni joriy qilish orqali qishloq xo‘jaligida iqtisodiy muammolarni innovatsion-eksperimental qo‘llash orqali yangi ta’lim yo‘nalishi dasturini ishlab chiqish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlash; mavjud professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirishga va ta’lim sifatini yaxshilashga ko‘maklashish; ta’lim jarayonida talabalar ishtirokini va ilmiy izlanishlarini faollashtirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Yuqoridagi maqsadlarga erishishda loyiha Leybnits rivojlanayotgan mamlakatlar qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti, Xumboldt Universiteti, Toshkent Vestminster Xalqaro Universiteti, Kozog‘istonning Nazarbayev nomidagi Universitet, Gissenning Yustus-Libig Universiteti va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ushbu loyiha doirasida eksperimental tadqiqotlarni olib borishga ixtisoslashgan klaster tuziladi, onlayn tarzda halqaro ekspertlar ishtirokida amaliy seminarlar, vebinarlar va seminar-treninglar o‘tkaziladi. Qishloq xo‘jaligida mavjud muammolarni yechishda dala tajribasi sharoitida eksperimental tadqiqotlar o‘tkaziladi va STATA va FARMAGRIPOLIS kabi zamonaviy EHM dasturlari yordamida modellashtirish usuli orqali aniq yechimlarini topiladi va qishloq xo‘jaligiga joriy etiladi.

«Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish» loyihasining miqdori 140 000 AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish» ta’lim yo‘nalishining amaldagi o‘quv reja va fan dasturlarini takomillashtirish, o‘quv rejaga yangi fanlar kiritish, xorijiy universitetlarda qo‘llanilgan innovatsion yechimlarni joriy qilish orqali qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalarni qo‘llash yangi ta’lim yo‘nalishi dasturini qo‘llab-quvvatlash, professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshishiga va ish faoliyati sifatini yaxshilanishiga ko‘maklashish; ta’lim jarayonida talabalar ishtirokini va rolini faollashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Yuqoridagi maqsadlarga erishishda loyiha AQShning Devis shahridagi Kaliforniya universiteti, Oklaxoma va Missisipi shtatlari universitetlari va Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti bilan hamkorlik qiladi.

Loyiha doirasida zamonaviy kompyuter sinfi ishga tushiriladi, professor-o‘qituvchilar uchun uch bosqichli ingliz tili kurslari va xorijiy hamkorlar ishtirokida yangi kurslar bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etiladi, laboratoriya qurilmalari xarid qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring