Toshkentdagi Inha universiteti dastlabki qaldirg‘ochlarini uchirma qildi
2018-yilning 14-avgust kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida Koreya Respublikasi va O‘zbekiston hukumatining rasmiy vakillari ishtirokida dastlabki bitiruvchi talabalarning tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
2014-yili O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan Toshkent shahridagi Inha universiteti hozirda axborot texnologiyalari sohasi uchun mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi.
Tantanali tadbirda qatnashish uchun Koreya Respublikasidagi Inha universitetining Vitse-prezidenti Cheong InKyo rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Toshkent shahridagi Inha universitetining «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishini 87 nafar talabalar bitirdi.
Barcha bitiruvchilarga Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov hamda Koreya Respublikasidagi Inha universitetining vitse-prezidenti Cheong InKyo ikki universitetning qo‘shma diplomini topshirishdi.
Toshkent shahridagi Inha universitetidagi o‘qish davomida o‘zini ko‘rsatgan talabalar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanishdi.
Bunyod Ibrohimov va Yulduz Xo‘jayeva universitetdagi o‘qish davrida qo‘lga kiritgan eng yuqori ballari uchun taqdirlanishdi. Aziz Siyayev universitetning ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki uchun mukofotlandi. Muhammadali Hayotovni axborot texnologiyalari sohasidagi turli tanlovlarda g‘olib chiqib, universitetning obro‘sini oshirgani uchun taqdirlashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Koreya Respublikasidagi Inha universiteti vitse-prezidenti Cheong InKyo shunday dedi: «Umid qilamanki, bitiruvchilar O‘zbekiston kelajagi uchun o‘zlarining bor kuchlarini ayamaydilar. O‘zbekiston MDHdagi bozor iqtisodiyoti sharoitiga o‘ziga xos tinch yo‘l bilan o‘tayotgan oz sonli davlatlardan biridir. Sizlar Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘qigan vaqtingizda olgan bilimlaringizni ishga solishingiz hamda o‘z bilimlaringizni kengaytirish yo‘lida tinmay izlanasizlar degan umiddaman».
Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov ham bitiruvchilarni qutladi: «Sizlarning ko‘pchiligingizning ishga joylashgani, ayrimlarning esa xorijiy universitetlarga o‘qishga kirgani – muassasamizdagi akademik dasturlarning sifati yuqori ekanligidan dalolatdir. Men barcha pedagogik tarkibga, shuningdek, universitetning barcha xodimlariga talabalarga, hukumatimizga bo‘lgan fidoyiligi, talabalarga yaratib bergan ajoyib muhitlari uchun minnatdorlik bildiraman. Universitet ma’muriyati oliy ta’lim muassasasining ishini takomillashtirish va ta’limning yangi yo‘nalishlarini ochish borasida ish olib boradi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter