Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda STEM ta’limi: 90 nafarga yaqin o‘qituvchi-pedagog o‘qitiladi

Toshkentda STEM ta’limi: 90 nafarga yaqin o‘qituvchi-pedagog o‘qitiladi

Bugun, 5 noyabr kuni Toshkentda STEM ta’limini rivojlantirish maqsadida fizika, kimyo va biologiya fanlaridan laboratoriya ishlarini olib borish yuzasidan o‘qituvchilarni kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishga oid o‘quv-trening boshlandi.

Trening Xalq ta’limi vazirligi, Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi hamda Respublika ta’lim markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ochilish marosimida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Ta’lim sifati jarayonlarini muvofiqlashtirish, pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning salohiyatini oshirish boshqarmasi boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulov hamda sohaga doir qator mutaxassislar ishtirok etishdi.

Poytaxtimizning 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida to‘rt kun davomida bo‘lib o‘tadigan seminar treningda respublikamizning barcha hududlaridan jami 90 nafarga yaqin o‘qituvchi-pedagog ishtirok etmoqda.

Qayd etilishicha, ITSM, Cambridge International School, Oxbridge International School hamda Respublika ta’lim markazi hamkorligida fizika, kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilari uchun laboratoriya ishlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilgan edi. Seminarda ular bilan o‘qutuvchilarni tanishtirgan holda, laboratoriya ishlarini olib borish yuzasidan trening o‘tkazilmoqda.

– Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarni joylarga yetkazish hamda fizika kimyo va biologiya fanlaridan nazariy va amaliy dars mashg‘ulotlarini olib borishni yangi sifat darajasiga ko‘tarishga mo‘ljallangan bugungi seminarning tashkil etish jarayoni aynan yanvar oyida boshlangan edi. Bugungi kunda bilasiz ta’limni rivojlantirish, xususan, o‘quvchilarimizni yuqorida aytib o‘tilgan fanlarga qiziqtirishimiz uchun biz ular bilan sifatli laboratoriya jihozlarini qo‘llagan holda laboratoriya ishlarini yuqori darajada o‘tkazishimiz lozim. Ushbu seminar mana shu sifatni ta’minlash maqsadida tashkil etildi, – deydi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazida kimyo fani metodisti Sevara Hasanova. – Men ushbu treningda trener sifatida faoliyat yuritayotganimdan juda xursandman. O‘qituvchilar laboratoriya ishlarini to‘g‘ri, ya’ni qiziqarli tarzda olib bora olishi kelajakda o‘quvchilar orasidan kimyo fanidan ixtirochilarni saralab olishga yordam beradi. Chunki bilasiz aynan kimyo, biologiya va fizika fanlari bo‘yicha nazariy bilimini qachonki bola amaliyotda qo‘llay olsagina, fanga bo‘lgan qiziqishi oshadi. Bu esa ta’lim sifati rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring