Toshkent va Berlin o‘rtasida vebinar tashkil etildi
Kecha, 26-iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida «O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida hamkorlik loyihalari» mavzusidagi onlayn vebinar tashkil etildi. Bu haqda institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov xabar berdi.
Vebinarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida ilmiy va ta’limiy hamkorliklar hamda mavjud grantlar bo‘yicha, shuningdek, jahon reytingida TOP-100 universitetlari ichida bo‘lgan Berlindagi Gumboldt universiteti haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari, Germaniyada PhD dasturiga qabul qilish va muvaffaqiyatli himoya qilish talablari haqida tanishtiril. Qolaversa, Scopus va Web of Science bazasiga kirgan kuchli jurnallarda qanday qilib maqolalar chop etish bo‘yicha ham yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Vebinarda asosiy spikerlik qiluvchi – qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Berlindagi Gumboldt universiteti professori Ahmadjon Hamidov vatandosh olimlarimizdan hisoblanadi. U nafaqat vatandosh olim, balki Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bitiruvchisi bo‘lgani ham institut talabalarini ruhlantirmasdan qolmaydi.
So‘nggi bir yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining talabalari Respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida 10 ta faxrli o‘rinlar egallagan bo‘lsa, 1 nafar doktorant va 1 nafar magistrant, 1 nafar bakalavriat talaba qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, 1 nafar Navoiy davlat stipendiyasi, 2 nafar Beruniy davlat stipendiyasi sohiblari bo‘lishdi.
So‘nggi 1 yilda 10 nafar doktorant, 14 nafar magistr va 9 nafar bakalavrlarni chet elda o‘qitish amalga oshirildi.
Tadbir yakunida institut rektori, Respublika Oliy ta’lim muassasalari kengashi raisi, O‘ktam Umurzoqov vebinar ishtirokchilariga tashkiliy qo‘mita nomidan minnatdorchilik bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter