Test sinovlari topshiriqlarida o‘zgarishlar bo‘ladi
Davlat test markazining saytida yangi o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan test sinovlari topshiriqlariga kiritilayotgan o‘zgarishlar e’lon qilindi.
2020-2021-o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirish test sinovlarida test topshiriqlari bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
- Test topshiriqlarini soddalashtirish:
Test topshiriqlari soddalashtirilishini oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul imtihonlarida faqat sodda testlardan foydalaniladi, deb tushunmaslik kerak.
Umumta’lim fanlaridan test topshiriqlari 3 ta qiyinlik darajasida shakllantiriladi. Bunda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlar ishlanishi, bajarilishi oson bo‘lgan test topshiriqlari hisoblanadi.
Avvalgi yillarda o‘tkazilgan test sinovlarida fanlardan 6 tagacha birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari berilar edi. Joriy yilda har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni o‘rtacha 10 tagacha yetkazilmoqda.
- Yozuvsiz xarita, jadval, rasmli ko‘rinishidagi test topshiriqlari sonini ko‘paytirish:
Abituriyentlar test topshiriqlarini mantiqiy fikrlab, tezda tushunishlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya fanlari kabi chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fanlaridan ham rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda. Shuningdek, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.
- Ona tili va adabiyot fanidan test topshiriqlarini soddalashtirish:
Ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) va adabiyot fanidan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko‘paytiriladi. Shuningdek, abituriyentlarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish maqsadida matnli testlar, ya’ni matn ustida ishlash bilan bog‘liq bo‘lgan test topshiriqlari tuzilmoqda.
Matnli test topshiriqlarida matn tarkibidagi so‘zlarning to‘g‘ri qo‘llanganligini va gaplarning to‘g‘ri shakllantirilganligini aniqlash, matndagi so‘zlarning ma’nolarini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish talab etiladi.
- Kimyo va fizika fanidan nazariy test topshiriqlari sonini oshirish:
Kimyo fanidan nazariy test topshiriqlar soni oshiriladi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari tuzilmoqda.
Fizika fanidan ham nazariy test topshiriqlar soni oshirilgan holda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytirilmoqda. Shuningdek, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida «Doimiy fizik kattaliklar jadvali» ishlab chiqildi va u «Kimyoviy elementlar davriy sistemasi» kabi test sinovi topshirish jarayonida abituriyentlarga taqdim etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter