Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TATU talabalari murojaatiga rasmiy munosabat bildirildi

TATU talabalari murojaatiga rasmiy munosabat bildirildi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalarining 2 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda TATU mas’ullarining xatosi tufayli talabalar bo‘lib o‘tgan yakuniylardan universitet hisobiga 300 mln. so‘mdan ortiq pul to‘lashi mumkinligi haqidagi e’tirozli xabarga rasmiy munosabat bildirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 iyuldagi «Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq TATU va uning hududiy filiallarida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab o‘qitishning kredit tizimi joriy etilgan. Hozirgi kunda barcha bosqich talabalari ta’limning kredit tizimida tahsil olib kelmoqda.

«Universitetda o‘quv jarayoni va nazoratlarni tashkil etish uchun «lms.tuit.uz» tizimi joriy etilgan bo‘lib, u inson omiliga bog‘liq emas. Ushbu tizim 4 yil davomida universitetimizda to‘laqonli sinovdan o‘tgan va bunday holatlar kuzatilmagan», deyiladi universitet munosabatida.

Keltirilgan ma’lumotlar bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi:

Summa haqida

Universtitetda yakuniy nazoratlar tugallangandan keyingina qayta o‘qish uchun to‘lov qiymatlar aniqlik kiritiladi, ya’ni fanlardan qayta o‘qish uchun to‘lov miqdori talabaning bir yillik to‘lov shartnoma miqdorining 1 kreditga (1 kredit to‘lov summasi kontrakt summasini 60ga bo‘lingan nisbati) nisbatidan va fanga ajratilgan kredit miqdoridan kelib chiqib belgilanadi. Ya’ni, universitetda ma’lumot to‘liq shakllanmagan va appelyasiyaga topshirganlar sonini hisobga oladigan bo‘lsak, uning natijasiga ko‘ra aniqlanadi.

Talabalarning bo‘lib o‘tgan yakuniylardan yiqilishi haqida

— Ma’lumki, 2022 yilning 24 yanvar kunidan boshlab respublikadagi barcha OTMlarda ta’lim jarayoni 1 oy muddatga o‘qitishning onlayn shakliga o‘tkazildi.

Universitetda tasdiqlangan o‘quv jarayoni jadvaliga ko‘ra, 2022 yil 2 fevral kuni soat 11:00da 2-bosqich talabalariga «Diskret tuzilmalar» fanidan onlayn rejimida 1400 nafarga yaqin talabalarga yakuniy nazorat tashkil etildi.

Shundan 50 foiz talaba baholash me’zonlarida belgilangan o‘tish ballarini to‘plab, muvaffaqiyatli o‘tgan (ushbu ro‘yxatdagi 300 ga yaqin talaba ushbu fandan a’lo va yaxshi baholar olgan, qolgan 300 dan ortig‘i kerakli ball to‘plagan). Yana apellyasiya jarayoniga ko‘ra, qo‘shimcha 72 nafar yoki undan ham ko‘p qo‘shilishi mumkin.

Imtihon jarayonida turli sabablar bo‘lishi mumkin bo‘lgan texnik yoki boshqa xatoliklarni bartaraf etish maqsadida jarayon mutaxassislar tomonidan kuzatib boriladi.

Imtihon boshlangan vaqt (11:00)dagi kuzatuv jarayonida bir kichik texnik nosozlik yuzaga kelgani aniqlandi. «lms.tuit.uz» tizimida yuz bergan texnik nosozlik tufayli 72 nafar talaba uchun savollar variantlarini generatsiyalash jarayonida buzilish yuz bergan. Yuz bergan texnik nosozlikni bartaraf etish yuzasidan talabalarga telegram kanali orqali soat 11:07da xabar berildi, ammo berilgan ma’lumotdan talabalar o‘z vaqtida xabardor bo‘lmaganliklari sababli, ba’zi bir talabalarda bu muammo bartaraf etilmadi.

Ushbu holat yuzasidan talabalarga TATU rasmiy kanali va «Kredit tizimi» kanalida ma’lumot 02.02.2022 yil sanasida chiqarildi. Ushbu ma’lumotga ko‘ra, 72 nafar talabada duch kelgan muammo yuzasidan qayta yakuniy nazorat olinishi belgilandi (ulardan 5 nafari yetarli ball to‘plaganligi sababli bundan mustasno). Yakuniy nazorat kuni haqida talabalarga qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Tizim haqida

— Talabalar tomonidan bildirilgan e’tirozlarning asosiy qismi, talabalarda imtihonlar onlayn shaklda o‘tkazilganligi uchun «test savollari bo‘yicha mavjud e’tirozlar ko‘rib chiqilmaydi va bartaraf etilmaydi» degan fikrning mavjudligidir. Ammo, yakuniy nazoratlarda tushgan savollarga e’tiroz bildirgan talabalar uchun lms.tuit.uz tizimida apellyasiyaga berish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, «Diskret tuzilmalar» fanidan hozirgi vaqtgacha e’tiroz bildirgan talabalarning aksariyati bemalol apellyasiya uchun tizim orqali murojaat qilgan.

Apellyasiya jarayonlari 2-bosqich talabalari uchun barcha imtihonlar yakunlangandan so‘ng o‘tkaziladi hamda bu haqda ham rasmiy kanalda xabar berilgan. Ya’ni, yakuniy nazoratlardagi savollarga e’tirozi bo‘lgan talabalar uchun lms.tuit.uz tizimida apellyasiyaga berish imkoniyati to‘liq yaratilgan.

Qanday qilib?

Statistika bo‘yicha aynan ushbu fandan past ko‘rsatkich tendensiyasi mavjud va «Diskret tuzilmalar» (diskret matematik strukturalarni o‘rganuvchi va logikaning birlashmasi bo‘lgan murakkab fanlardan) fanidan shunday xolat yuz bergan, ya’ni qolgan fanlarda talabalarning o‘tish darajasi yuqori.

Universitet rahbariyati talablarning savol va takliflarini inobatga olib talabalar tomonidan onlayn shaklda yakuniy nazoratlarni topshirish uchun universitet uning hududiy filiallarida kompyuter va internet tarmog‘i bilan ta’minlangan maxsus xonalar tashkil etilgan hamda sharoit yaratilgan. Bu haqda universitet rasmiy telegram kanalida ma’lumot berilgan.

Shu o‘rinda bir nechta savol tug‘iladi:

  • Ushbu ro‘yxatdagi 300 ga yaqin talaba mazkur fandan a’lo va yaxshi baholar bilan muvaffaqiyatli o‘tishdi. Qanday qilib? Ularga kimdur masalani yechib berdimi?
  • Ushbu ro‘yxatdagi talabalardan qo‘shimcha 300 nafardan ortig‘i a’lo bo‘lmasa ham, yetarli baholar bilan bemalol o‘tib ketishdi yoki ularning faqat omadi keldimi?

Umuman olganda, talabalarning 50 foizga yaqini bemalol nazoratdan o‘tib ketishdi va ularning hammasi ham faqat omad bilan emas, balki bilim bilan o‘tishdi.

Ularning soni yanada ko‘p bo‘lishi kutilmoqda, sababi tizim shaffofligi shundaki, apellyasiyaga topshirgan har bir talaba qayta ko‘rib chiqiladi.

Qo‘shimcha ma’lumot

Universitetning o‘quv jarayoniga joriy etilgan lms.tuit.uz axborot tizimi orqali quyidagilarga erishildi:

  • o‘quv jarayonini boshqarish va raqamlashtirishga;
  • AKT sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish uchun talabalar uchun o‘qitiladigan fanlarni tanlashga;
  • O‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni (dars jadvali, buyruqlar, o‘zlashtirish ko‘rsatgichlari va boshqa) raqamlashtirishga;
  • ta’lim sifatini oshirishga, fanlarni o‘qitishda va yakuniy nazoratlarda shaffolikni ta’minlashga va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishga hamda talabalarni mustaqil ishlashga.

    TATU ma’muriyati
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring