Ta’lim sifati xalqaro standartlar darajasiga chiqishiga umid bor
Maktabgacha ta’lim tizimiga davlat tomonidan berilayotgan e’tibor yildan-yilga kuchayib boryapti. MTMlar faoliyatini yanada takomillashtirish, ularni zamonaviy metodlar bilan boyitish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilyapti, innovatsion yangiliklar amaliyotga tatbiq etilyapti.
Jumladan, maktabgacha ta’limning muqobil turlari rivojlantirilib mobil va modulli MTT keng joriy etilmoqda. Xususan, 16 ta qayta jihozlangan avtobuslar asosida «Aqlvoy» nomli mobil loyihasining amalga oshirilishi natijasida chekka hududlardagi 40 ta mahallada 2000 ta bola qamrab olindi.
Bundan tashqari, ilk marotaba maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning erta rivojlanishiga qo‘yilgan davlat talablari va «ILK QADAM» nomli davlat ta’lim dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mutaxassislari uchun «Ilk qadam» maktabgacha ta’lim muassasasining Davlat o‘quv dasturi asosida maxsus ehtiyojga ega bo‘lgan bolalar uchun 5 ta mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha moslashtirilgan va uyg‘unlashgan ta’lim dasturi yaratildi. Mazkur o‘quv dastur asosida yo‘nalishlar bo‘yicha barcha toifadagi mutaxassislar uchun metodik ko‘llanmalar va ushbu ko‘llanmalarda har bir yo‘nalish metodikasi bo‘yicha pedagoglar uchun mashg‘ulot jarayonlarida qo‘llaniladigan axborot-kompyuter texnologiyalari va kerakli resurslar ishlab chiqildi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi va hukumat tomonidan sohaga berilayotgan e’tiborning ko‘lami faqat yuqoridagilar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q.
Pandemiya sharoitida ham ta’lim tizimida qator islohotlar amalga oshirildi. Bolalarga ta’lim berish jarayoni uzluksizligini ta’minlash maqsadida karantin rejimida ham muammoning zamonaviy yechim topildi.
Xususan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda ota-onalarga maktabgacha yoshdagi bolalarga tizimli, foydali va rivojlantiruvchi ta’lim berishda uslubiy yordam berish sifatida «Onlayn bolalar bog‘cha» dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dastur 3-5 yoshli bolalar uchun «Ilk Qadam» hamda 6 yoshdagi bolalar uchun «Aqlvoy» ta’lim loyihalarini qamrab olgan.
Bundan xulosa qilish mumkinki, vazirlik, hukumat vakillari ta’lim masalasiga jiddiy yondasha boshladi. Endilikda xususiy maktablar va MTMlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda bir qator yengilliklar berildi, xususiy sektorda ular sonini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Ta’lim sifatini oshirish yo‘lida yuzaga kelayotgan muammolarning zamonaviy yechimi topilayotgani, bolalarga bilim berishda innovatsion metodlarning keng tadbiq etilayotgani tahsinga loyiq. Bu boradagi islohotlar ko‘lami yanada ko‘payib, ta’lim sifati xalqaro standartlar talabiga javob beradigan darajaga chiqadi degan umiddamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter