Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Siyosat, ta’lim, to‘siq...

Siyosat, ta’lim, to‘siq...

Mahkam Hamidov.

«Aholining siyosiy faolligi prezident yoki parlament saylovlarida qatnashish bilangina chegaralanmaydi!..» – deydi Germaniya Parlamenti stipendiati Mahkam Hamidov.

«Xorijdagi vatandoshlar»ning galdagi suhbatdoshi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan.

Mahkam bilan suhbatimiz siyosatshunoslik fani, nima uchun aynan Germaniyaga ketgani, Germaniya Parlamenti stipendiati bo‘lish jarayoni va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

«Izlanishlarimni tashqi siyosatdan ichki siyosatga yo‘naltirdim...»

Bolaligimdan jahon siyosatiga, dunyoda bo‘layotgan jarayonlarga qiziqishim yuqori bo‘lgani uchun, avvaldanoq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘qishni maqsad qilganman. 2015 yili ushbu oliy ta’lim maskani talabasi bo‘ldim. Bakalavrda siyosat bo‘yicha bilimlarim poydevorini mustahkamlaganimdan so‘ng, ushbu fanni yanada chuqurroq o‘rganishga qaror qildim, aniqrog‘i izlanishlarimni tashqi siyosatdan ichki siyosatga yo‘naltirdim. Nazarimda jamiyat va davlat rivoji uchun siyosiy islohotlar va demokratizatsiya juda muhim ahamiyat kasb etadi va ushbu islohotlarni amalga oshirishda albatta siyosatshunoslar kerak. Shuning uchun jamiyatga ozgina bo‘lsa ham foydam tegar degan umidda o‘zimni ushbu fanni o‘rganishga bag‘ishladim.

«Germaniya ta’lim sifati butun dunyoda yuqori baholanadi...»

Germaniyada barcha ta’lim bosqichlari, shu qatorda oliy ta’lim ham, deyarli barcha federativ o‘lkalarda (shtat) hatto chet el fuqarolari uchun bepul. Albatta xususiy maktab, universitetlar va ayrim maxsus dasturlar bundan mustasno.

Buning ustiga, Germaniya akademik almashinuvi dasturi (DAAD) tomonidan ushbu davlatda oliy ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlar uchun bakalavr, magistratura hamda ilmiy darajaga o‘qish paytida turar-joy ijara pulini hamda kundalik hayotda qilinadigan xarajatlarni qoplaydigan stipenidiyalar taqdim etiladi.

Misol uchun men DAAD dasturining magistratura uchun beriladigan stipendiya sohibi bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldim. Katta shaharlarda, shu qatorda men istiqomat qilayotgan Berlin shahrida, turar-joy oylik ijara haqi juda yuqori ekanligini inobatga olsak, DAAD tomonidan beriladigan oylik stipendiya juda katta moddiy yordam.

Siyosatshunoslik fanini o‘rganish uchun o‘zim bitirgan «Alma mater»da magistraturada o‘qishni davom ettirish imkoni ham bor edi, ammo ijtimoiy fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli va buyuk olimlar yurti bo‘lmish Germaniyada ushbu fanni o‘rganishga ishtiyoqim juda katta bo‘lgan. Buning ustiga Germaniya ta’lim sifati nafaqat Yevropada o‘z mavqeyiga ega, balki butun dunyoda yuqori baholanadi.

Tahsil olayotgan universitetim haqida...

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bugungi kunda Gumboldt universiteti nomi bilan mashhur oliy ta’lim muassasi Berlin shahrining Sovet ittifoqi okkupatsiya qilgan hududida qoladi va natijada ushbu universitetga kommunistik g‘oyalar faol ravishda singdirila boshlanadi.

Bundan norozi bo‘lgan talabalar namoyishlarga chiqishadi va turli g‘oyalardan holi bo‘lgan erkin universitet tashkil etilishini talab qilishadi. Natijada, talabalarning tashabbuskorligi tufayli AQSh okkupatsion sektorida 1948 yil Berlin erkin universiteti tashkil topadi.

Bugungi kunda ushbu oliy ta’lim muassasasi ijtimoiy fanlar bo‘yicha Yevropada yetakchi o‘rinlarda turadi. Siyosatshunoslik fani bo‘yicha «QS Rankings» reytingida Germaniyada birinchi o‘rinda tursa, jahonda kuchli yigirmatalikka kiradi. 

IPS dasturi haqida...

Germaniya parlamentining Xalqaro parlament stipendiyasi (IPS) xaqida bakalavrning oxirgi bosqichida bilgan edim. IPS dasturi Germaniya parlamentar demokratiyasining nazariy asoslarini o‘zlashtirish hamda parlament ish jarayonlarini va tuzilmalarini bevosita amaliyot o‘tagan holda o‘rganish imkonini beradi. Ushbu dasturda O‘zbekiston birinchi marotaba ishtirok etgani uchun bo‘lsa kerak, hujjatlarni tayyorlash va intervyuga tayyorgarlik kurish jarayonlari biroz mushkul kechdi, chunki bu borada hech kimdan maslahat so‘ray olmaysiz. Shunga qaramasdan kerakli hujjatlarni to‘plab, «motivation letter»ni yozib, berilgan vaqt ichida dasturda ishtirok etish bo‘yicha arizamni topshirgan edim.

Omadim bor ekan, ushbu stipendiya sohibi bo‘ldim va 2020 yil mart oyida Berlinga keldim. Afsuski, ushbu dastur doirasida qilingan barcha rejalarga koronavirus pandemiyasi nuqta qo‘ydi. Garchi IPS 2020 dasturi rasman bekor qilinmagan bo‘lsa-da, ushbu dasturning asl maqsadi bo‘lgan amaliyot o‘tash jarayoni, barchaga ma’lum sabablarga ko‘ra, to‘xtatildi va biz onlayn-uchrashuvlar orqali deyarli faqat nazariy ko‘nikmalar bilan chegaralanib qoldik. Shuning uchun tashkilotchilar IPS 2020 dasturi qatnashchilarni keyingi yili, yani IPS 2021 dasturida qatnashish imkoniyatini berishdi. Shu sababdan mart oyi boshlanishini kutyapman.

Siyosatshunoslik fani rivojidagi to‘siqlar...

Aynan mana shu savol meni bo‘lajak siyosatshunos sifatida eng ko‘p o‘ylantiradigan masalalardan biri.

Afsuski, yurtimiz aholisi orasida davlatda bo‘layotgan siyosiy jarayonlar bo‘yicha qiziqishi yuqori insonlar nazarimda ko‘p emas. Demokratik jamiyatda aholining siyosiy faolligi prezident yoki parlament saylovlarida qatnashish bilangina chegaralanmaydi, balki fuqarolar o‘z navbatida saylagan insonlardan berilgan va’dalarini amalga oshirilishini talab qila bilishi, fuqarolik pozitsiyasini namoyon qila bilishi kerak. Bu borada siyosiy partiyalarning o‘rni katta.

Siyosiy maorif maktabdanoq shakllantirilishi kerak deb o‘ylayman. Misol uchun, Germaniyada aholining siyosiy ongini oshirish maqsadida uchta tamoyildan tashkil topgan «Boytelsbax konsensusi» qabul qilingan. Ushbu konsensusning asosiy, va nazarimda, bizning ta’lim tizimimiz standartlari bilan huquqiy muvofiqlashtirilishi lozim bo‘lgan tamoyillardan bittasi – nuqtai-nazarni singdirishga bo‘lgan taqiq tamoyili. Ushbu prinsipga muvofiq, ta’lim beradigan insonlar o‘quvchilarga o‘zlarining (siyosiy) qarashlarini singdirishga haqqi yo‘q, balki ularga darslar orqali shunaqa sharoit yaratishlari kerakki, ta’lim oluvchilar muvofiq siyosiy mavzuga o‘z mustaqil fikrlarini shakllantirishlari lozim.

Yurtimizda siyosatshunoslik fani asosan universitetlarda o‘qitiladi. Barcha davlat OTMlari tegishli vazirliklarga biriktirilgan va bilvosita shu davlat idoralarining boshqaruvi ostida. Dunyo tajribasiga ko‘ra o‘zini oqlamagan ushbu amaliyot universitet mustaqil ta’lim siyosatini olib borishiga to‘sqinlik qiladi, OTMlar vazirliklarning qo‘ygan talablariga bo‘ysinishadi. Ushbu amaliyotga chek qo‘yilmas ekan, OTMlar erkin va ideologik va ma’naviy ta’sirlarisiz mavjud bo‘lmas ekan, siyosatshunoslik fani rivoji haqida gapirish qiyin. Ushbu aksioma boshqa fanlarga ham tegishli.

Aslida siyosatshunoslik fanini rivojlantirish uchun g‘ildirak kashf qilishning hojati yo‘q. Jahon tajribasini o‘rgangan holda davlatimizda amaliyotga tadbiq etishga to‘g‘ri keladigan jihatlarni qo‘llasa yetarli.

Jahon adabiyotlarini ketma-ket rotatsiya shaklida mutolaa qilaman...

Odatda sport bilan shug‘ullanishni juda xush ko‘raman. Ammo hozirgi pandemiya sharoitida sport zallari yopiq, shuning uchun lokdaun tugashi bilanoq birinchi navbatda sport zaliga borsam kerak. Shu bilan birga stol tennisi hamda boulderingni o‘zimga yaqinda kashf qilgan edim.

Bundan tashqari, bo‘sh vaqtimda badiiy kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘raman. Kitob o‘qishda quyidagi tamoyilga rioya qilishga harakat qilaman: o‘zbek, rus va jahon adabiyotlarini ketma-ket rotatsiya shaklida mutolaa qilaman. O‘qigan oxirgi kitobim o‘zbek klassik adabiyoti durdonalaridan biri hisoblangan Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» asari hamda Yuval Noa Xararining «Sapiens: Insoniyatning qisqacha tarixi» kitoblari bo‘ldi. Birinchisi insonlarning turli-xil ijobiy va salbiy jihatlari, shuningdek o‘tgan zamonlar oddiy odamlarimizning istibdod hukmronlar qo‘l ostidagi mashaqqatli hayoti haqida so‘zlasa, ikkinchisi olamga, atrofga va tarixga o‘zgacha nigoh bilan qarashga undaydi, dunyoqarashni juda ham kengaytiradi. Har ikki kitob ham menda katta taassurot qoldirdi.

Kelajakda o‘zimni akademik sohada ko‘ryapman. Shuning uchun magistraturadan so‘ng doktorantura bosqichida o‘qish fikri yo‘q emas. Beshikdan qabrgacha ilm ol deganlaridek, o‘ylaymanki, ushbu reja amalga oshsa, noto‘g‘ri qaror bo‘lmagan bo‘ladi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring