Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov: «Maktab binolarini 2-3 qavat emas, kerak bo‘lsa 4-5 qavatli qilib qurish kerak»

Sherzod Shermatov: «Maktab binolarini 2-3 qavat emas, kerak bo‘lsa 4-5 qavatli qilib qurish kerak»

Foto: «Xabar.uz»

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining feysbukdagi sahifasida Prezidentning urbanizatsiya hamda strategik tahlilning muhimligi haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi va buni Samarqand viloyatida o‘tkazilgan o‘rganish asnosida tahlil qilib berdi.

«Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida urbanizatsiya hamda strategik tahlilning muhimligi alohida ta’kidlangan edi. Ushbu vazifalar dolzarbligi Samarqandga borib holatni o‘rganganimizda aniq ko‘rindi», deb yozadi vazir.

Ta’kidlanishicha, Samarqand viloyatida bir o‘quvchi soniga Toshkent shahridagidan ko‘ra ko‘proq ortiqcha xarajatlar qilinar ekan-u, lekin ta’lim sifati va sharoitlarida buning aksi ekan, sababi aynan shu – urbanizatsiya bilan bog‘liq.

Samarqand viloyatida o‘quvchilar soni Toshkent shahridagidan 1,6 barobar ortiq bo‘lgani holda, maktablar soni deyarli 4 barobar ko‘p. Har bir maktabga direktor, o‘rinbosar, xo‘jalik ishlari xodimlari, yoshlar yetakchisi va boshqa bevosita ta’lim bermaydigan, lekin maktab faoliyati uchun kerak bo‘lgan shtatlar mavjud. Bundan tashqari, kichik maktabda sportzal, laboratoriya xonalari, oshxona, tadbirlar xonasi va boshqa yordamchi xonalar bilan ta’minlashda normativlar tufayli muammolar bo‘ladi.

«Kam soatli fanlardan, masalan, astronomiya yoki huquq fanlari bo‘yicha o‘qituvchi bir stavkada dars berishi uchun ham o‘quvchi soni kamida 700 nafar bo‘lishi kerak. Natijada kichik maktablarda bu kabi fanlarni boshqa fan o‘qituvchilari o‘tadi. Masalan, fizika o‘qituvchisi astronomiya fanini ham, tarixchi esa huquq fanini ham o‘tadi. Sifati shunga yarasha bo‘lishi tabiiy», deydi Sherzod Shermatov.

«Tahlil qilinsa, 1991-yilgacha O‘zbekistonda ko‘p qavatli massivlar qurilishi bilan birga ular atrofida 1,2 yoki 1,5 ming o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan katta maktablar qurilgan ekan. Undan keyingi yillarda esa qurilgan maktablar asosan kam quvvatga, ko‘pi bilan 630 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lgan. Buning asosiy sabablaridan biri – rejalashtirish asosan bir yillik Investitsiya dasturi bo‘yicha bo‘lganigadir. Ya’ni, bir yilda kamroq mablag‘ ishlatish uchun kichikroq maktab qurilgan. Aslida esa uzoqroq muddatda bu ko‘proq xarajatga sabab bo‘ladi. «Skupoy platit dvajdi» degan maqol juda mos keladi ushbu holatga», qayd etadi u.

Vazirning bildirishicha, Samarqand viloyatida qurilgan yangi ko‘p qavatli uylar massivida bu holat yanada yaqqol ko‘ringan: deyarli 1,5 ming xonadonga mo‘ljallangan massivda atigi 540 o‘rinli maktab qurilibdi. Bitta xonadonda 1 nafardan farzandi maktabga chiqqan taqdirda ham maktab sig‘imidan 3 barobar ko‘p bo‘lyapti, 2 nafardan farzand bo‘lsa, 6 barobar ko‘p bo‘ladi. Haliyam bu massivni keyingi rivojlanish istiqbolida qo‘shimcha maktab qurish imkoni bor va u yerda Samarqand viloyatining yangi rahbariyati bilan hamkorlikda kattaroq maktab qurilishi rejalashtiriladi.

Oxirgi yillardagi mamlakatimizdagi demografik tendensiya faqat aholi o‘sishini ko‘rsatmoqda, shuning uchun ham bundan buyon ko‘proq uy-joylar qurilishi kutilmoqda. Ular bilan birga, albatta, mingdan ortiq xonadon qurilishi mo‘ljallangan massivlarda mingdan ortiq o‘ringa mo‘ljallangan maktablar qurilishini ham inobatga olish kerak. Aks holda keyinchalik kengaytirishga ortiqcha joy ham bo‘lmaydi. Maktablar boshidan 2-3 qavat emas, kerak bo‘lsa 4-5 qavat qilib qurilsa, o‘quvchi o‘rniga nisbatan harajati kamroq ham bo‘ladi.

Foto: facebook.com/SherzodXotamovichShermatov

«Birinchi rasmda, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy aholi soniga nisbatan shahar aholisi ulushi mamlakatimizda oxirgi yillar kamayish tendensiyasiga ega bo‘lgani ko‘rinadi, dunyoning aksar mamlakatlarida esa shahar aholisi o‘sishi kuzatilmoqda.

Foto: facebook.com/SherzodXotamovichShermatov

Ikkinchi rasmda, demografik tendensiya tufayli o‘quvchilar sonini yaqin yillarda o‘sishi va umumiy maktablar quvvatiga nisbatan qanchalik ko‘payib borishini ko‘rsa bo‘ladi. Oxirgi ikki yilda o‘quvchilar soni million nafarga ortgan, yangi maktablar binolari quvvati oshishi esa ancha past bo‘lgan. Natijada aksariyat maktablar ikki smenada, hattoki ba’zilari uch smenada faoliyat yuritmoqda. Mavjud kam quvvatli maktablar sig‘imidan samarali foydalanish uchun ular bosqichma-bosqich tarmoq maktablariga aylantirilmoqda. Lekin ularning barcha quvvatini qo‘shganda ham aholi o‘sishini qoplay olmasligi yaqqol ko‘rinib turibdi», deydi Xalq ta’limi vaziri.

«Maktablar qurilishini urbanizatsiya jarayonlari bilan birga strategik tahlil asosida amalga oshirish rejalashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi», xulosa qiladi vazir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring