Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan suhbatlashdi

Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan suhbatlashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari navoiylik yoshlar bilan muloqot qildi.

— Men qayerga bormayin, ko‘proq yoshlar bilan uchrashishga harakat qilaman. Taraqqiyot strategiyamizda, hududiy dasturlarda katta maqsadlar qo‘yganmiz. Agar davlat tashkilotlari, barcha darajadagi rahbarlar yoshlar masalalari bilan mukammal shug‘ullanmas ekan, bu marralarga erishib bo‘lmaydi, —- dedi Prezident.

Navoiylik yoshlar iqtidorli, hamma sohalarda faol. Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egallashdi. Xalqaro fan olimpiadalari, nufuzli musobaqalar g‘oliblarining ham ko‘pchiligi Navoiydan.

Joriy yilda uyushmagan yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 50 milliard so‘m mablag‘ berilib, 13 ming 700 nafar yigit-qiz o‘z yo‘lini topgan. 1 ming 600 gektar ekin maydoni ajratilib, 6 mingdan ziyod yoshlar bandligi ta’minlangan. Sharoiti og‘ir talabalarga 6,5 milliard so‘m kontrakt pullari to‘lab berilgan.

— Farzandlarimizning yutuqlari, albatta, hammamizni g‘ururlantiradi. Lekin bu bilan cheklanib qolish kerak emas. Yoshlarimizning istagini, ehtiyojini, ertangi kunini ta’minlash uchun yana nimalar qilsak bo‘ladi? Bilim va kasblarni egallashi, salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qanday yordam berish kerak? Ana shu savollar meni qiynaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, Prezident yoshlarning fikrlari, takliflarini eshitdi. Yoshlarning mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rganishi va ish topishiga yordam beruvchi yangi platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Sanoat zonalariga yoshlarni jalb etish, yaylovlarga suv chiqarib, chorvachilik tashabbuslarini Tadbirkorlik jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Navoiy shahrida ixtisoslashgan sport maktabi va mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etib, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish muhimligi qayd etildi. Yoshlar jamg‘armasidan viloyatdagi 325 ta maktabni kitob va musiqa asboblari bilan ta’minlash, madaniy tadbirlarni ko‘paytirish masalalariga ham ahamiyat qaratildi.

Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha Navoiy viloyati tajribasi yaratilishi belgilandi. Bu tizimning asosiy maqsadi yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy rivojlantirish, bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring