Rossiya va O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi OTMlari aloqalari kuchayadi
Chelyabnsk davlat madaniyat instituti rektori Rushanin Vladimir Yakovlevich O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Axborot xizmati ma’lum qildi.
Tashrif davomida Rossiya delegatsiyasi vakillari institutda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, o‘quv binolari hamda fakultetlardagi amaliy mashg‘ulot jarayonlar bilan tanishishar ekan bu yerdagi bo‘lajak ijodkorlar uchun muhayyo qilingan sharoit va qulayliklar dunyoning ko‘zga ko‘ringan madaniyat muassasalaridagi sharoitlardan qolishmasligini ta’kidlab o‘tishdi.
Shuningdek, Chelyabnsk davlat madaniyat instituti rektori Vladimir Yakovlevich hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yuldashevning o‘zaro uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi.
Unda har ikkala institut rahbarlari tomonidan madaniyat va san’at, ilm-fanni o‘zaro hamkorlikda rivojlantirish maqsadida kelishuv shartnomalari imzolandi.
Rushanin Vladimir Yakovlevich ham o‘z so‘zi davomida, bugun Chelyabnsk davlat madaniyat institutida turizm yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida katta ishlar amalga oshirilayotganligini va O‘zbekiston tajribasi bu borada albatta ular uchun muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Eslatib o‘tish lozim, yaqinda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Rossiyaning kino sohasida butun dunyoga mashhur Butunrossiya kinomatografiya instituti bilan qo‘shma fakultetlarni tuzish borasida shartnomalar imzolagan edi. Chelyabnsk davlat madaniyat instituti bilan o‘zaro kelishuvlar Rossiyaning san’at va madaniyat yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari bilan tuzilayotgan ikkinchi muhim shartnomadir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter