Rekord yangilandi: Surxondaryoda 78 yoshli otaxon OTMga hujjat topshirdi
Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga Surxondaryo viloyati, Angor tumani, «Ulug‘bek» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1941-yil 13-aprelda tavallud topgan fuqaro Mamatqul Berdialiyev hujjat topshirdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
«Mamatqul bobo hali bardam ekanligini ta’kidlar ekan, birinchi yo‘nalish sifatida «Mevachilik va uzumchilik ta’lim yo‘nalishi»ni, ikkinchisi «Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik», uchinchi esa «Issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish» yo‘nalishlarini tanlashini aytib o‘tdi» deyiladi agentlik xabarida.
Bundan avval, 72 yoshli abituriyent – Xoliqov Toshtemir Asqarovich Farg‘ona davlat universitetining kunduzgi bo‘limida o‘qish uchun hujjat topshirgan edi.
Undan so‘ng esa Jizzaxda 66 yoshli fuqaro ham oliy ma’lumot olish uchun hujjatlarini OTMga topshirgandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda respublika Oliy ta’lim muassasalariga abituriyent sifatida ro‘yxatga olinayotgan 50 yoshdan oshgan fuqarolar soni ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Bunga sabab bu yildan boshlab, yoshga doir cheklovlarning amal qilmasligi bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter