Quva tumani hokimining qarori bekor qilindi. «Mojaroli» yer va bino maktabga qaytarildi
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2018-yilning 20-iyunida Quva tumani hokimi maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini o‘quv muassasasi rahbari qarshiligiga qaramay tuman hokimligi zahirasiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi. Qaror Quva tumani xalq ta’limi boshqarmasi bilan kelishilmagan holda qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-fevraldagi 122-sonli farmoyishining 1-bandida Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan davlat ta’lim muassasalarining, xususan maktabgacha ta’lim, o‘rta-ta’lim, kasb-hunar ta’limi muassasalarining mol-mulki, bino va inshootlari hamda yer maydonlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorisiz tashkilotlarga berish yoki ta’lim jarayoniga tegishli bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish qat’iyan man qilingan.
Shunga qaramay, Quva tumani hokimiyati yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini mahalliy tadbirkorga foydalanishga topshirgan.
Maktab ma’muriyati Ma’muriy sudiga mazkur qarorni bekor qilish bo‘yicha murojaat qildi. Sudning birinchi instansiyasi hokimiyat foydasiga qaror chiqargan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi hokimiyatning qarorini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori N.T.Mahmudov va Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatovlar sud jarayonida Xalq ta’limi vazirligiga yordam so‘rab murojaat etdilar.
Xalq ta’limi vazirligi tegishli choralar ko‘rib, Farg‘ona viloyat prokuraturasiga murojaat qildi. Vazirlik va prokuratura vakillari maktabning qo‘shimcha bino inshootlari hamda yer maydonlarini maktab ixtiyorida qoldirishda katta yordam berdi, deyildi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter