Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent islom instituti qoriya talabasi 10 soatda 30 pora Qur’onni to‘liq yoddan o‘qib berdi

Toshkent islom instituti qoriya talabasi 10 soatda 30 pora Qur’onni to‘liq yoddan o‘qib berdi

Toshkent islom instituti

Foto: «Wikipedia.org»

Bugun, 4-may kuni Toshkent islom instituti 1-kurs talabasi Fotima Abdullayeva o‘ttiz pora Qur’oni karimni bir kunda, bir o‘tirishda 10 soat mobaynida yoddan o‘qib berdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga institut o‘qituvchisi Zafar Mahmudov xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qur’oni karimni o‘qish jarayonini «Tahfizul Qur’on» kafedrasi o‘qituvchilari Jahongir qori Ne’matov, Islomxon qori Ubaydullayev, Ahmadxon qori Rashidov, Jahongir qori Ro‘ziyev hamda talaba qizlar kuzatib borishgan.

Fotima Abdullayeva tonggi soat beshdan Qur’oni karimni o‘qib berishni boshlab, asr namozida yakunlagan. Toshkent islom institutining o‘qituvchisi Islomxon domla Ubaydullayev xatmi Qur’on duosini qilib bergan.

Fotima Abdullayeva Toshkent islom institutiga 2017 yili o‘qishga kirgan bo‘lib, ustozi Zafar qori Mahmudovga Qur’oni karimni kuniga 1 juzdan yodlab topshirib kelgan. U qariyb 8 oy mobaynida Kalomullohni to‘liq yod olib, mana bugun bir o‘tirishda butun Qur’oni karimni ustozlari guvohligida o‘qib topshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Toshkent Islom instituti tarixida ayol-qizlar o‘rtasida ilk bor Gulruh Kenjabek Qur’oni karimni bir kunda, bir o‘tirishda 16 soat mobaynida to‘liq o‘qib bergan edi. Gulruh Kenjabek 2014 yili o‘tkazilgan Respublika Qur’on musobaqasining hifz yo‘nalishi g‘olibasi hisoblanadi.

Zafar Mahmudovning ma’lum qilishicha, «Tahfizul Qur’on» kafedrasi talabalari Adham qori Otaxonov va Fathulloh qori Dadayev ham muqaddam Qur’oni karimni mana shu shaklda o‘qib berishgan ekan.

«Toshkent islom instituti uchun an’anaga aylanib borayotgan Qur’oni karimni to‘liq o‘qib berish malakasi bundan keyin ham rivojlanishi hamda yurtimizdan mana shunday qori va qoriyalar ko‘plab chiqishini Alloh taolo O‘zi oson va muvaffaq qilsin!» — deydi «Tahfizul Qur’on» kafedrasi o‘qituvchi Zafar Mahmudov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring