«Propiskasi yo‘qning o‘rni hali hech qachon bunchalik chiroyli ko‘rsatilmagan» — Maktablarga qabul qanday bo‘lmoqda?
Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahrida 1-sinfga qabul bo‘yicha ko‘p beriladigan savollarga javob qaytardi. Savollar asosan 81 ta «elitniy» maktab bo‘yicha bo‘lgan va Daryo — LIVE ulardan biriga alohida e’tibor qaratdi.
«81 ta «elitniy» maktab haqida bilasiz — ularga avvalo maktabning mikrohududida yashaydigan bolalar qabul qilinadi, maktabda joy ortib qolsa, qo‘shimcha kvota asosida o‘quvchilar qabul qilinadi.
Deylik, «elitniy» 50-maktabning mikrohududida oilangiz bilan yashaysiz, faqat propiskangiz doimiy emas, vaqtinchalik. Xo‘sh, vaqtinchalik propiskaga ega shaxslar nima qilishi kerak?
«Vaqtinchalik propiskaga ega shaxslar qolgan 228 ta davlat va 40 ta nodavlat maktab muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin», — deb yozadi Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati. G‘aroyib javob.
@kurbanoffnet kinoya bilan yozganidek, «propiskasi yo‘qlarning o‘rni hali hech qachon bunchalik chiroyli qilib ko‘rsatib qo‘yilmagandi». Tushunging ham keladi — bu chora, masalan, 50-maktab atrofida «vaqtinchalik propiska bozori» yuzaga kelmasligi uchun qilingan, deylik. Lekin baribir g‘alati, qandaydir yoqimsiz», — deya xulosa qiladi Daryo — LIVE.
Propiska masalasi keng jamoatchilikni qiynab kelayotgan muammolardan hisoblanadi. Mamlakat rivoji uchun bu tizimni bekor qilish kerakligi haqida ko‘p fikr-mulohazalar bildirilgan. Xususan, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska rejimini bekor qilish to‘g‘risida petitsiya joylagan edi. Ammo ushbu murojaat rad etilgan.
«Petitsiya ovozga ham qo‘yilmadi. Boshqacha aytganda mening fikrim «tug‘ilmayoq bo‘g‘ildi».
Rad qilishning asosi sifatida balandparvoz gaplar yozilgan. Aytishlaricha, doimiy propiskani soddalashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinayotgan emish, shu sababli mening petitsiyamni e’lon qilish rad etilganmish.
Vaholanki, men propiskani soddalashtirishni emas, bu tizimni butunlay bekor qilishni so‘raganman. Bu ikkalasi mazmunan boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushunish qiyin emas», — deya yozgan edi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter