Prezident ta’lim tizimiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-mart kuni xalq ta’limi tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq mamlakatda kadrlar muammosi mavjudligini, barcha sohalarga islohotlar sur’atiga mos zamonaviy mutaxassislar kerakligini aytgan edi.
Shu maqsadda butun ta’lim tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. Maktabgacha ta’lim rivojlantirilayotgani maktab saboqlariga puxta zamin bo‘lmoqda. Umumiy o‘rta ta’lim sifati ilg‘or xalqaro tajriba va zamon talablari asosida yuksaltirilmoqda.
So‘nggi uch yilda mamlakatimizda 160 dan ortiq umumta’lim maktabi qurildi. Undan tashqari, Prezident maktablari, buyuk allomalarimiz nomi bilan ataladigan ixtisoslashtirilgan maktablar, ijod maktablari, Temurbeklar maktablari kabi zamonaviy va innovatsion ta’lim maskanlari tashkil etildi.
Shuningdek, oxirgi 3 yilda o‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq hududlarga borib ishlaydigan pedagoglar mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirish joriy etildi.
2019 yil 26 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zamonaviy maktab»larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2021 yilgacha maktablarning kamida 3 foizi, 2025 yilgacha 20 foizi, 2030 yilga qadar esa 50 foizini «Zamonaviy maktab»larga aylantirishning asosiy parametrlari belgilandi.
Bularning barchasi o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan keng qamrovli islohotlarning ilk bosqichi edi.
Prezidentimiz shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomada maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligini ta’kidladi. Maktablar moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, o‘quv-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Bugungi yig‘ilishda yangi turdagi maktablarni barpo etish, avvalgilarini bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirish, o‘qituvchilarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Hozirgi kunda 9 ming 942 ta maktabning 2 ming 835 tasi ta’mirtalab. 5 ming 861 tasida o‘quvchilar soni sig‘imiga nisbatan ko‘pligi sababli darslar 2 smenada o‘tilmoqda. Joriy yilda 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasining kapital ta’mirlanishi belgilangan.
Qurilish vazirligiga maktablarni zamonaviy arxitektura yechimlari asosida, energiya tejovchi va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, laboratoriyadagi amaliy mashg‘ulotlar ta’lim sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mashg‘ulotda olingan bilimning samarasi bir necha karra yuqori bo‘ladi.
Lekin bugun maktablardagi 683 ta fizika, 897 ta kimyo, 901 ta biologiya xonasida o‘quv laboratoriyalar yo‘q. 7 ming 807 ta fizika, 7 ming 776 ta kimyo va 7 ming 770 ta biologiya xonasining jihozlari eskirgan. 62 mingta sinf xonasi zamonaviy va yangi o‘quv jihozlari bilan ta’minlanmagan, 7 mingta kompyuter yetishmaydi.
Shuning uchun, maktablardagi laboratoriyalarni zamonaviy jihozlash va ulardagi darslar ko‘lamini oshirish talab etiladi.
Xalq ta’limi vazirligi hamda Moliya vazirligiga amaldagi jihozlash holatini tanqidiy o‘rganib, maktablarni zamonaviy laboratoriya, kompyuter texnikasi, sport anjomlari va boshqa zarur vositalar bilan jihozlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Aniq fanlarni o‘qitishda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda interaktiv mashg‘ulotlarga e’tiborni kuchaytirish kerakligi ta’kidlandi.
Yurtimizda matematika, kimyo, fizika va biologiya darslarining 10 foizigina amaliy mashg‘ulotlarga ajratilgan. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 30-50 foizni tashkil etadi.
Shu bois Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga o‘quv dasturlarida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, aniq fanlarda amaliy mashg‘ulotlar ko‘lamini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda pedagog kadrlarning bilim va malakasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yili attestatsiyada ishtirok etgan qariyb 57 ming nafar o‘qituvchidan 43 foizi past baho olgani, respublika bo‘yicha muallimlarning attestatsiya natijalaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichi 100 ballik baholash tizimida 64 ballni tashkil qilgani aytib o‘tildi.
Pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, metodik ta’minotni yangicha tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bolalarni yoshligidan ma’nan va jismonan yetuk shaxs etib tarbiyalash maqsadida maktablarni badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda musiqa, tasviriy san’at va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga yangi mazmun berish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter