Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Innovatsion texnoparkni borib ko‘rdi

Prezident Innovatsion texnoparkni borib ko‘rdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkini borib ko‘rdi. Bu haqda davlatimiz rahbari Matbuot xizmati xabar berdi.

Unda uchta tizim – ta’lim, fan va ishlab chiqarish uyg‘unlashtirilgan. Bu yerda talabalar ilg‘or texnikalarni ko‘rib, ishlatib, «ko‘zi pishadi». Chizmalardan tayyor mahsulot yasashgacha bo‘lgan jarayon bilan amalda tanishib, malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi. Muxtasar aytganda, ushbu texnopark «g‘oyalar generatori» bo‘lib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Uch qavatli bino robototexnika, energetika, elektrotexnika va biotexnologiya bo‘yicha ilg‘or uskunalar bilan jihozlangan. Birinchi qavatda payvandlash, elektroeroziya, yog‘och va plastmassaga ishlov berish, startap xonalari va laboratoriyalar joylashgan. Yuqori qavatlardan o‘quv va kovorking xonalari, robototexnika, standartlashtirish, sport zallari, ma’muriyat, kutubxona, ofislar o‘rin olgan.

Prezidentimiz texnoparkda boshqaruv kompaniyasi tashkil qilib, mahsulotlarni sotishni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.

«Besh yil oldin bunday markazlarga, laboratoriyalarga keladigan yoshlar kam edi. Borlarining ham daromadi yetishmasdi. Chunki ilmga pul yo‘q edi. Endi bu sharoitdan, uskunalardan foydalanib, yoshlarni bozorbop mahsulotlar tayyorlash va sotishga o‘rgatish kerak. Ular manfaat ko‘rsa, ruh paydo bo‘ladi, o‘zini shu sohaga bag‘ishlaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Texnika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari talabalarini ko‘proq jalb etib, amaliy saboqlarini shu yerda o‘tish, o‘quv dasturlarini ilg‘or texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Innovatsion texnoparkda talabalarning amaliyot o‘tashi bepul, rezidentlar uchun soliq imtiyozlari joriy etilgan. Biologik tajribalar uchun issiqxona barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari biotexnologiya laboratoriyasida amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishdi. Rezidentlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni targ‘ib qilish, ularni va yana shunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Prezident talabalar va yosh olimlar bilan suhbatlashdi. Shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring