PISA va PIRLS tadqiqotlarini o‘tkazish muddatlari o‘zgardi
O‘quvchilarni baholash xalqaro PISA va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro PIRLS dasturlari doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadqiqotlarning muddatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston ilk marotaba ishtirok etayotgan ushbu xalqaro tadqiqotlar doirasida tajriba-sinov jarayonlari 2020 yilning aprel-may oylarida, asosiy tadqiqotlar esa 2021 yil aprel-may oylarida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, lekin dunyo bo‘ylab keng tarqalgan koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siri tufayli rejalashtirilgan tadqiqotlarning amalga oshirilishi vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Hozirgi vaqtga qadar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan tadqiqotda qatnashuvchi mamlakatlar, dasturning boshqaruv kengashi a’zolari, xalqaro ekspertlar kengashi va konsorsiumlar hamda mamlakatlardagi Milliy markazlar ishtirokida tadqiqotlarning tashkil etilish muddatlarini belgilash bo‘yicha muhokamalar olib borildi.
Muhokamalar jarayonida turli xil muqobil yo‘llar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, PISA dasturi bo‘yicha kun tartibida ikkita yo‘ldan birini tanlash masalasi qo‘yildi.
Birinchisi, ixchamlashtirgan, yangi kiritilgan topshiriqlar hamda kreativ fikrlash yo‘nalishidan butunlay voz kechgan holda 2020 yil oktyabr-noyabr oylarida tajriba sinov jarayonlari, 2021 yil aprel-may oylarida asosiy tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘lsa, ikkinchisi, barcha yo‘nalishlarni to‘liq qamrab olgan holda tadqiqotni bir yil muddatga kechiktirish, bunda 2021 yil aprel-may oylarida tajriba-sinov jarayonlari, 2022 yilning mos oylarida esa asosiy tadqiqotlarni tashkil etish takliflari atroflicha ko‘rib chiqildi.
PIRLS dasturi bo‘yicha esa PISA dasturidan farqli ravishda ikki muqobil yo‘llardan birini tanlash taklif etildi. Ya’ni, birinchisi, 2020 yilga mo‘ljallangan tajriba-sinov jarayonlaridan voz kechgan holda 2021 yildagi rejalashtirilgan asosiy tadqiqotlarni o‘z vaqtida tashkil etish bo‘lsa, ikkinchi yo‘lga ko‘ra, yangi o‘quv yilining boshlanishi bo‘lishiga qaramasdan, 2020 yil oktyabr oyida soddalashtirilgan tarzda tajriba-sinovlarini o‘tkazish hamda 2021 yildagi asosiy tadqiqotlarni ham o‘z vaqtida aprel-may oylarida tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bunda tadqiqotda qatnashuvchi maktablar va sinflar masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Atroflicha muhokama va munozaralardan so‘ng, PISA va PIRLS dasturlari doirasida tadqiqotlarning o‘tkazilishi yuzasidan quyidagi muddatlarni belgilash bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan qarorlar qabul qilindi:
PISA dasturi doirasidagi tadqiqotlar bir yil muddatga kechiktiriladi. Bunda 2020 yilda mo‘ljallangan tajriba-sinovlar 2021 yilning aprel-may oylarida, 2021 yilga mo‘ljallangan asosiy tadqiqot esa 2022 yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirildi. Shuningdek, tadqiqotning 3 yillik davriyligini inobatga olgan holda, 2024 yilga mo‘ljallangan tadqiqotlar ham o‘z navbatida 2025 yilga ko‘chirildi.
PIRLS dasturi doirasidagi asosiy tadqiqot kechiktirilmadi va o‘z muddatida, ya’ni 2021 yil aprel oyida o‘tkazilishi bo‘yicha rejalar o‘z kuchida qoldirildi. Bunda, 2020 yil aprel oyiga rejalashtirilgan tajriba-sinov jarayonlari, karantin sharoiti barqarorlashgan taqdirda, 2020 yilning oktyabr oyida ko‘chirilishi rejalashtirildi. Shuni ta’kidlash lozimki, PIRLS dasturi talablariga muvofiq, sinovlar tanlab olingan maktablarning 4-sinflari o‘rtasida o‘quv yilining oxirgi oylarida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Lekin, kutilmagan pandemiya tufayli, tajriba-sinovlari istisno tariqasida yangi o‘quv yilining ilk oylarida o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda. Bunda avval tanlab olingan maktablar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritilmaydi. Yangi rejalashtirilayotgan tajriba-sinov muddatiga ko‘ra, tanlab olingan maktablarning 4-sinf o‘quvchilari 5-sinfni boshlagan bo‘ladilar.
Yodda tutish lozimki, yuqorida keltirilgan muddatlarni belgilash bo‘yicha barcha ishtirokchi mamlakatlar bilan muhokamalar asosida xalqaro tashkilotlar tomonidan qaror qabul qilinishi oson kechmadi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi reytingida O‘zbekistonning 2021 yilda birinchi 70 talikka, 2025 yilda 60 talikka va 2030 yilga kelib esa, birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlar qatoriga kirishi ko‘zda tutilgan.
Shunday ekan, ushbu muddatlarning o‘zgarishi bir tomondan olganda, umumta’lim muassasalari uchun tayyorgarlik ko‘rishlariga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratib beradi. Endilikda tayyorgarlikni susaytirmasdan, tadqiqotda munosib ishtirok etish uchun barcha kerakli harakatlarni amalga oshirish hamda tayyorgarlikni yuqori darajaga olib chiqish barchamizning oldimizda turgan ustuvor vazifadir.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter