O‘zbekistonlik yoshlarga qiziqarli taklifimiz bor – Malayziya elchisi
O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar Malayziyaning xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turuvchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishlari mumkin. Bu haqda mazkur mamlakatning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan 17 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ma’lum qildi.
Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida turli sohalarda hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etgan diplomat ta’lim yo‘nalishi ham muhim ahamiyat kasb etishini urg‘uladi.
«Malayziya o‘zbekistonlik talabalar uchun eng talabgir mamlakatlar sirasiga kiradi. Buni ko‘p sonli talabalar tahsil olayotgani ham tasdiqlaydi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham malayziyaliklar uchun qiziqarli yo‘nalish sanaladi. Malayziyada xalqaro reytinglarga kirgan ko‘plab oliy ta’lim muassasalari bor. Ularda o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar ko‘proq tahsil olishini istaymiz», – dedi elchi Hendi Assan.
Diplomat talabalar va o‘qituvchilar almashuvi, hamkorlikda ilmiy anjumanlar o‘tkazish, akademik tadqiqotlar o‘tkazish muhimligini ham ta’kidladi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim jabhasida hamkorlik kuchaymoqda. 2019 yil oktyabr oyida Toshkent moliya instituti bazasida Malayziya menejment va tadbirkorlik «Binary» universiteti bilan O‘zbekiston–Malayziya qo‘shma fakulteti ochilgan. 2020 yil iyun oyida O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va «Binary» menejment va tadbirkorlik universiteti o‘rtasida Urganchda universitetning xalqaro filialini tashkil etish to‘g‘risida uch tomonlama shartnoma imzolangan.
Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda Malayziyada 100 mingdan ziyod xorijlik talaba tahsil olmoqda. Mamlakat YuNESKO tomonidan chet ellik talabalar soni bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kiritilgan. Birgina 2021 yilda Malayziya OTMlariga 150 ga yaqin davlatdan 40 mingdan ziyod talaba qabul qilingan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda.
Malayziya oliy ta’lim tizimi zamonaviy fanlar, jumladan, axborot texnologiyalari, menejment, islom moliyasi, dizayn kabi yo‘nalishlarda yuqori reytinglarga ega. Masalan, Malayya universiteti QS reytingida 59-o‘rinda qayd etilgan.
Darvoqe, Janubi-sharqiy Osiyoda joylashgan ushbu mamlakat oliy ta’limiga doir batafsil ma’lumotni Malayziya oliy ta’lim vazirligi huzuridagi agentlik sayti orqali olish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter