O‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro matematika musobaqasida g‘olib bo‘ldi
Shu yilning 1-6-iyul kunlari Bolgariyaning Burgas shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi matematika bo‘yicha xalqaro musobaqada vakillarimiz 1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maktab o‘quvchilarining Xalqaro matematika musobaqasi (International Mathematics Competition) dunyoning iqtidorli o‘quvchilari uchun eng katta va muhim forum hisoblanib, unda ishtirok etish har bir mamlakat uchun sharafdir. Har yili iyul oyida o‘tkaziladigan musobaqada dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan kelgan 600 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar o‘zaro bellashadilar.
Mazkur nufuzli musobaqada beshinchi marta ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi ilk marotaba umumjamoa hisobida eng ko‘p medalni olishga muvaffaq bo‘ldi.
«Yoshlarimiz juda katta salohiyatga ega! Bu bolalarning yutuqlari boshqa tengdoshlarini ham yuqori marralarga erishishga undaydi deb umid qilamiz», deya o‘z munosabatini bildirdi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-IDUMning 8-sinf o‘quvchisi Doniyor Ismoilov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu maktabning 7-sinf o‘quvchisi Rajabboyev Lazizbek va Peshko‘ tumanidagi 18-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Norboyev Jahongirlar – kumush medal, Termiz shahridagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 7-sinf o‘quvchisi Buriyev Iskandar, Uchtepa tumanidagi 4-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Majidov Muhammadrizolar bronza medalga sazovor bo‘lishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter