O‘zbekiston Qahramoni vafot etdi
O‘zbekiston xalq ta’limi sohasi og‘ir judolikka uchradi. Taniqli pedagog, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, O‘zbekiston Qahramoni Mavluda Ismatova bugun, 11-may kuni 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
M.Ismatova 1943-yil 7-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan.
O‘z mehnat faoliyatini 1968-yilda Toshkent tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 1975-1979-yillarda ushbu ta’lim maskanida ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan. 1983-yilda u Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 273-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga direktor etib tayinlangan va umrining oxiriga qadar shu dargohda samarali ish olib bordi.
Fidoyi pedagog rahbarlik qilgan maktab bir necha bor «Yilning eng yaxshi maktabi» sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, uning pedagogik tajribasi mamlakat miqyosida keng o‘rganilib, ommalashtirilgan.
M.Ismatovaning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U 1995 yilda «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» faxriy unvoni, 1999-yilda «O‘zbekiston Qahramoni» oliy unvoni bilan mukofotlangan edi.
O‘zbekiston hukumati marhumning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali ham M.Ismatovaning yaqinlariga ta’ziya izhor qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter