Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil Tillaboyev

Xalq uchun ishla, o‘zinga qaytmasa, farzandingga qaytadi!

«O‘qituvchi bo‘lish uchun moliya sohasini tark etdim»

«O‘qituvchi bo‘lish uchun moliya sohasini tark etdim»

Assalomu alaykum! «Domlajon» telegram kanalidagi postingizni o‘qidim. Haqiqatda yuqori sinf o‘quvchilarida tartib-intizom bo‘lishi uchun ham erkak o‘qituvchi kerak ekan.

Men avvalgi ishlarim (moliya — 1-o‘rinbosar, hokimiyat — bosh mutaxassis)ni tashlab va bir qancha ko‘pchilik havas qiladigan ishlarni rad qilib, oddiy bir qishloq maktabidagi oddiy o‘qituvchilikni tanladim. Bu qarorimni hozirgacha juda ko‘pchilik tushunmaydi, ayniqsa hozirgi maktabdagi kasbdoshlarim. Ko‘pchilik «jinnini ishini qilibsiz, xato qilibsiz» deb ham aytadi. Lekin men unday o‘ylamayman. Chunki, yillar davomida matematikadan ko‘nglimni uzolmadim. Zeriksam misol-masala ishlab o‘tirardim. Maktablardagi matematika o‘qituvchilari chiqarolmagan savollarga javob topib berish harakatini qilardim. Shunda bildimki, ta’lim sohasi uchun, o‘quvchilar uchun nimalarnidir bera olarkanman.

Maktabda olimpiadachi edim, viloyatda faxrli o‘rinlarni olardim va respublika, xalqaro olimpiadalar menga armon bo‘lib qolgan edi. Bir tomondan armonimni shogirdlarda ro‘yobini ko‘ray deb o‘qituvchi bo‘lmoqchi bo‘ldim. Maktabga ishga o‘taman desam, uydagilarim ham qarshi bo‘lishdi va shartta o‘z xohishim bilan ishimdan bo‘shab, naqd 2 yil hech qayerda ishlamadim. Uydagilarim ham hayron: ishxonangda biror gap bo‘ldimi yo, deb. Bu orada juda ko‘plab ishlardan takliflar keldi (avvalgi ishxonamdan ham qayta va qayta, bundan xursand bo‘ldim, uydagilarim oldida yuzim yorug‘ bo‘ldi). Ammo ko‘nglim chopmadi. Bo‘lmasa, maktabni va Milliy universitetni «qizil» diplomga bitirganman.

Xullas, o‘tgan yil sentyabrdan yangi qurilgan maktabga ishga kirdim.

Hammasi yaxshi, xursandman, afsuslanayotganim yo‘q.

Faqat bir narsa odamni juda xafa qilarkan. Ya’ni, o‘quvchilarda umuman ilm olishga ishtiyoq yo‘qligi. Hattoki, ularning ota-onasida ham xohish yo‘q. Maktabimiz joylashgan hudud aholisi shunday fikrda ekan...

Aytsam balkim ishonmassiz, sentyabrda o‘quvchilar maktabga keldi, o‘zimcha bir qancha rejalar tuzganman. Shularga asosan har bir o‘quvchidan qiziqishini, kelajakda qaysi kasbni tanlashini bilmoqchi bo‘ldim. Hayron bo‘lib qoldim, nahot  birortasi men o‘qiyman demasa-ya. Aytadigani faqat, «elektrik bo‘laman», «akfachi bo‘laman», «novvoy bo‘laman», «tikuvchi bo‘laman» va hokazo... Olimpiadachi tanlayman deb 11-sinflardan pastga qarab 7-sinflargacha qidirdim, birorta astoydil kasrlarni ishlay oladigani yo‘q... Menga yuqori sinflar darsini berishdi. Ana endi ularga kasrni bilmagan holatiga o‘zlarini mavzusini tushuntirishni o‘ylang. Mavzuni tushungani bilan, hisob-kitobni bilmaydi...

Buni sababini bildim: o‘quvchilar uyiga borib umuman dars tayyorlamas ekan va buni nazorat qilish ota-onalarning ham xayoliga kelmas ekan.

Tekinga to‘garak tashkil qilaman darsdan keyin deb bir-bir aytib chiqsam kelmadi. Yolg‘on bo‘lmasin, rosa ma’ruza qilganimdan keyin 2-3 nafar o‘quvchi  keladi, keyingi darsda ular o‘rniga boshqasi... EKUB, EKUK, kasrlar mavzusini sentyabrdan buyon 30 martadan ko‘proq o‘tdim shekilli.

Yana qizig‘i, maktab hududidagi aholida qizlarni oliy ta’limda o‘qitish fikri nol emas, «minus»ga o‘tib ketgan. Aksiga olib, garchi hozirgi bilimi yaxshi bo‘lmasa ham, lekin zehn qizlarda o‘tkirroq ekan. Ba’zi zehni o‘tkir qizlarga «siz o‘qishingiz kerak», deb aytsam, «domla, bizda qizlarni baribir o‘qitishmaydida» deb yig‘lab yuboray deyishadi. Bu borada bir nechta ota-onalar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, hattoki ba’zi otalar bilan yoqalashib ham ketdim...

11-sinf bitiruvchilarini oliy ta’limga jalb qilish bo‘yicha bir nafar o‘quvchini menga biriktirib qo‘yishdi. U o‘qish onlaynda deb maktabga kelmayotgandi. Surishtirib bilsam, Toshkentda ishda ekan. Chaqirtirdik, keldi. Bilim «dahshat». O‘qish xayolni bir chetida yo‘q. Ota-onasi bilan suhbat qilay deb topolmadim. Onasi bilan telefonda gaplashdim. Dadasi qurilishda ishlarkan, erta ishga ketarkan, kech qaytarkan, maktabga bir kelib-ketishga vaqti yo‘q ekan. Oxiri dadasi bilan ham telefonda gaplashdim: «o‘g‘lingiz 11-sinfni bitiryapti, keyin nima qiladi» desam, «bilmayman, o‘zi biladida, biz o‘ylab ko‘rmabmiz...» dedi.

Hozirgacha maktabda ota-onalar va biz o‘qituvchilar o‘rtasida bolalarni hech bo‘lmaganda qiziqqan kasbi bo‘yicha bo‘lsa-da o‘qitish yuzasidan «mafkuraviy jang» ketmoqda. Ozgincha o‘zgarishlar paydo bo‘lmoqda. Maktabimiz farroshlari ham kelib bolasini o‘qitish masalasida maslahatlar so‘rashyapti.

Hozircha darslarim o‘zim uchun zerikarli bo‘lyapti, chunki o‘quvchilar na to‘polon qila oladi va na darsda faol bo‘lib qatnasha oladi...

O‘tgan yil ishlamay yurgan paytimda ham qiziqqanim uchun tuman miqyosida 3-4-sinflar uchun olimpiada o‘tkazgan edim. Bu yil ham maktabdagi o‘quvchilar orasidan iqtidorlilarni saralab olay deb, tuman miqyosida 3, 4, 5, 6, 7 va 8-sinflar orasida olimpiada o‘tkazdim. Maktab uchun nimalarnidir qilish harakatida yuribman...

Boshqa yaxshiroq maktab va litseylardan ham ishga takliflar bo‘lib turibdi, lekin hozirgi hududdagi o‘quvchilarga achinib ketyapman.

10-sinfda yaxshi o‘quvchilar bor. «Vaqtlaring kam, mavzu bo‘yicha ancha orqadasizlar, darsdan keyin kelinglar  to‘garakka, TEKIN» desam, «domla,  darsdan keyin qaytib kelishimizga maktabga yuborishmaydida» deydi. Hatto, bir qiz «baribir mani o‘qitishmaydi» deb yig‘laydi. 

Eeee, odamni ko‘ngli ezilib ketarkan...

Maktabda hozir meni 3-4-sinflar ham taniydi. Sababi, vaqt topsam sinfiga kirib o‘qisa yaxshi bo‘lishi, prezident maktablari sharoitlari kabilar haqida gapiraman, kundaliklariga har xil ularni xursand qiluvchi so‘zlar yozib berib chiqib ketaman.

Bir qizcha bor. 3-sinfda o‘qiydi. Ismi Vohidajon.  Meni ko‘rib qolsa uzoqda bo‘lsa ham qo‘lini silkitib o‘tib ketadi. Sababi har ko‘rganimda, «Vohidajon, Siz o‘qishingiz kerak-a, yaxshi o‘qiyapsizmi...» deb so‘rab qo‘yaman. Uni ko‘rganimda ko‘nglim g‘alati bo‘lib ketadi, o‘zimga ham ibrat olaman: ertalab ko‘rsangiz sinfdoshlari bilan bir xilda yugurib xursand yurgan bo‘ladi, tushdan keyin (soat 16-17 larda) onasiga yordam berayotgan bo‘ladi, ya’ni maktabda farroshlik qiladi: chelakda suv tashiydi, stullarni ko‘tarib qo‘yadi, lattani yuvadi... Shundayam xursand, qilayotgan ishidan jirkanmaydi, juda beg‘ubor... Yosh boshiga...

Mana shunaqa gaplar. Yaxshi niyatda yuribmiz. Qaysidir yili 100 foiz o‘quvchilarimizni oliy ta’limga kirishidan umidvor bo‘lib harakat qilib turibmiz.

 Matematika o‘qituvchisi bo‘lish uchun men voz kechgan lavozimlar:

 -tuman moliya bo‘limi mudirining birinchi o‘rinbosari lavozimi,

-tuman hokimligi bosh mutaxassisligidan arizamga asosan;

- Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh buxgalterligini;

-«O‘qituvchi» nashriyoti bosh buxgalterligini;

- Farmatsevtika agentligi direktoriga yordamchi lavozimini;

- O‘zMU iqtisodiyot fakultetida o‘qituvchilikni;

- Artelning yirik dillerlik firmasiga bosh buxgalterlikni;

- tuman XTB bosh buxgalterlikni;

- tuman G‘aznachilikda o‘rinbosarlikni;

-tuman Pensiya jamg‘armasida nafaqa tayinlash bo‘limi boshlig‘i lavozimini;

- tuman Arxitektura bo‘limida bosh mutaxassislikni;

- viloyat Moliya bosh boshqarmasida bosh mutaxassislikni;

- viloyat Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi (KRU) inspektorlikni;

- viloyat xokimligi iqtisodiyot boshqarmasini;

-Vazirlar Maxkamasi xuzuridagi Prognozlashtirish institutida tadqiqotchilikni;

- viloyat xalq ta’limi boshqarmasida iktisod bo‘limi boshlig‘i lavozimini;

- tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri o‘rinbosarligini;

- xususiy firmalar buxgalteriyasini... rad etdim.

O‘zimcha o‘yladimki, matematika o‘qituvchilikda jamiyatga ko‘proq foydam tegadi (yana bilmadim, balkim yaxshi o‘qituvchi chiqmas mendan).

Yuqoridagi men rad qilgan lavozimlarda esa, istalgan odam ishlay oladi...

Hikoya tugadi.

Yuqoridagi yozganlarni o‘qib bunday yigitga hurmat va havasim cheksiz ortdi.  Bu bizning,  pedagogika kasbining faxrlaridan biri, USTOZ degan kasb barcha kasblardan yaxshi ekanini hayoti va o‘z ishlarida ko‘rsatib isbotlab bergan hamkasbimiz.

U bizning qahramonimiz, u bizning Duyshenimiz!!!

Omad yor bo‘lsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring