Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Nima uchun OTMlarga davlat granti asosida qabul kvotalari kamaydi?

Nima uchun OTMlarga davlat granti asosida qabul kvotalari kamaydi?

Foto: «uznews.uz»

Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mas’ullar qator muhim savollarga javob berishdi. Xususan:

  1. Kvotalar qaysi prinsipga asosan shakllantiriladi?

Bu yil kvotalar soni umumiy jihatdan oshgan bo‘lsa ham, ayrim yo‘nalishlarda kamaygani va umuman davlat granti uchun kvotalar kamaygani aytilmoqda. Mas’ullarning ma’lumot berishicha, kvotalarni shakllantirish uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligining tahlillari va tavsiyalariga tayaniladi. Xususan, sohalarning rivojlanishi, kadrlar sonining ortishi yoki kamayishi, ayrim kasblarning dolzarbligi yo‘qolishi va yangi kasblar paydo bo‘lishiga oid prognozlar asosida kvotalar shakllantiriladi. Davlat grantining kamayishiga oid savolga esa shunday mazmunda javob bo‘ldi: «Davlat qaysi sohaga grant ajratishni maqsadga muvofiq topsa, ya’ni malakali kadrlar ko‘proq kerak deb hisoblasa, o‘sha sohalarga grant ajratadi».

  1. Bu yil yangi ochilgan filiallarga qabul bo‘ladimi?

Bo‘ladi. Ular uchun alohida kvotalar bugun-erta e’lon qilinadi. Ya’ni ushbu filiallar ham alohida OTMdek alohida kvota bilan talabalar qabul qiladi.

  1. Nima uchun TDYuUning Toshkent viloyatidagi filialiga faqat Toshkent shahri va viloyati propiskasi bilan qabul qilinadi?

Ushbu filialning boshqa filiallardan farqi uning ixtisoslashtirilganligi bo‘lib, u huquqbuzarlik profilaktikasi va jamoatchilik tartibini saqlash sohalariga kadrlar yetishtirib berishga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasasidir. Bir so‘z bilan aytganda, oliy yuridik ma’lumotga ega uchastkovoylar, ularning yordamchilari, milliy gvardiya xodimlarini tayyorlaydi. Uchastkovoy o‘zi yashab turgan joyni yaxshi bilishi maqsadga muvofiq. Shu sababli abituriyent Toshkent shahri va viloyatidan bo‘lishi kerak degan shart qo‘yilgan. Nega aynan Toshkent uchun ochildi bu filial? Hozirda Toshkent shahri uchun bunday kadrlar zarur, ularga ehtiyoj yuqori. Chunki Toshkent – poytaxt, aholi ko‘p, mamlakatning yuzi, turizm eshigi va hokazo degan sabablar ko‘rsatildi.

  1. Abituriyentlarga qoralama uchun qog‘oz nega atigi 1 varoq? Ko‘paytirishning iloji bormi?

Ushbu savolni bergan mushtariylar bu holatni talabaning vaqti va asablarini isrof qiluvchi, huquqlarini poymol etuvchi holat deb baholashgan. Mas’ullar ham, o‘z navbatida, qoralama uchun qog‘ozning atigi bir varoq bo‘lishi va savollar kitobchasiga biriktirib qo‘yilishida noinsof abituriyentlarni ayblashdi. Abituriyentlar ushbu qog‘ozlardan boshqalarga misollarini yechib uzatish yoki qoralamani shpargalka sifatida boshqalarga qoldirib ketish kabi maqsadlarda foydalanishi sababli shunday qilinishini aytishdi. Ammo bu yil tabiiy va texnik fanlardan test topshiruvchilarga yana bir varoq qo‘shimcha, ja’mi 2 varoq qoralama qog‘oz berilar ekan (himmatingning cheki yo‘q, janob DTM).

  1. Kvotalarning tillar kesimida taqsimlanishi qachon e’lon qilinadi?

O‘zbek, rus guruhlariga qanchadan kvotalar ajratilgani yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi. Bu umumiy qabul jarayoniga jiddiy ta’sir o‘tkazmaydi, shuning uchun ushbu kesimda kvotalar noma’lum bo‘lsa ham, qabulni boshlayverish mumkin deb qaror qilingan.

  1. Imtiyozlar ikkinchi, uchinchi yo‘nalishlarga ham o‘tadimi?

Bu yil fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lishi sharti bilan uch yo‘nalishga hujjat topshirish mumkin. Imtiyozlar har uch yo‘nalishga tatbiq etiladi deyishdi.

Boshqa savollarni so‘rolmadim, uzr.

Fakt: bu yil asosiy kvotadan tashqari jami 16 foiz qo‘shimcha kvotalar bo‘ladi:

  • 5 foiz harbiylarning farzandlariga;
  • 5 foiz harbiy xizmat o‘tab imtiyoz olganlarga;
  • 3 foiz ichki ishlar xodimlari farzandlariga;
  • 2 foiz nogironlarga;
  • 1 foiz chin yetimlarga.

Bu o‘sish qachon to‘xtar ekan-a?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring